Nursulton nomi tarixga “ko‘mildi”

Olam

image

Qozog‘istonning hukmron “Nur Otan” partiyasi nomini “Amanat” (“Omonat”) o‘zgartirildi. Partiyaning navbatdan tashqari qurultoyida mamlakat parlamenti quyi palatasi – Majilis raisi Yerlan Koshanov shunday taklif bildirgan.

“Bizning partiyamiz mamlakatda olib borilayotgan o‘zgarishlar markazida. Ochiqcha aytsam, mamlakat bilan birga partiyani ham yangilash kerak. Tashkilot faoliyatini yangi mazmun bilan to‘ldirish uchun zarur o‘zgarishlar kiritilishi kerak. Shu munosabat bilan partiyaning mohiyati va nomini o‘zgartirishni to‘g‘ri deb bilamiz. Biz Qozog‘istonning hukmron partiyasi ajdodlarimizga hurmat sifatida “Amanat” nomini olishi kerak, deb hisoblaymiz. Biz bugungi qurultoyda partiya nomini “Amanat” deb o‘zgartirishni taklif qilamiz”, degan Koshanov.

“Nur Otan” partiyasi raisi Qosim-Jomart To‘qayev partiya nomini o‘zgartirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

“Amanat xalqimiz madaniyatida o‘ziga xos ramziy ma’noga ega bo‘lgan chuqur tushunchadir. Bu ajdodlarimiz bizga meros qilib qoldirgan so‘nmas istiqlol g‘oyalari, mustahkam davlatchilik, milliy birdamlik qadriyatlari, Vatanimizning bepoyon kengliklarini anglatadi. Biz bu bebaho merosni asrab-avaylashimiz va mustahkamlashimiz kerak. Bu o‘tmish va kelajak avlodlar o‘rtasidagi muqaddas burchimizdir”, degan To‘qayev.

Shu bilan birga, u partiya a’zolari uning o‘tmishdagi haqiqiy xizmatlarini unutmasliklari kerakligini ta’kidlagan.

“Bu biz barcha faollarning partiya ishiga fidoyilik qilgan mehnatini minnatdorlik bilan eslashimiz kerakligini anglatadi”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident To‘qayev.

Qozog‘iston hukmron partiyasi qurultoyi uni “Nur Otan”dan “Amanat”ga o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni qo‘llab-quvvatladi.

Nazarboyevning siyosiy intihosi

2019 yil mart oyida Prezident lavozimini Qosim-Jomart To‘qayevga topshirib, Elboshi rutbasini olgan va Xavfsizlik Kengashini boshqarib kelayotgan Nursulton Nazarboyev Qozog‘istondagi namoyishlar avj olishi fonida Xavfsizlik Kengashi boshqaruvini ham qo‘sh qo‘llab Prezident To‘qayevga topshirdi. O‘shandan buyon uning qayerdaligi shubha ostida. Garchi Nazarboyevning atrofidagilar 8 yanvardan boshlab tilga kirib, uning mamlakatda bo‘lib turganini aytayotgan bo‘lsa-da, sobiq Prezident hozirgacha bir-ikki videomurojaatlardan tashqari, hech qayerda ko‘rinish bermadi. Hatto, to‘ng‘ich qizi – deputat Darig‘a Nazarboyeva ham 11-12 yanvar va 1-2 fevral kunlari bo‘lib o‘tgan Parlament yalpi majlisida ishtirok etmagan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, u maoshsiz mehnat ta’tilida. Bu orada esa u “Nur Otan” siyosiy kengashi a’zoligidan ketdi.

Nazarboyev ko‘rinish bermayotgan bir vaqtda esa uning hatto, sog‘lig‘i haqida mish-mishlar tarqala boshladi. Namoyishlarda esa sobiq Prezidentning Olma-otadagi saroyi yoqib yuborildi, haykali qo‘porib tashlandi. 

Avvalroq, Nazarboyevning kuyovlari: Aliyaning (kenja qizi) turmush o‘rtog‘i Dimash Dosanov “Kaztransoyl” AJ rahbarigidan, Darig‘aning (to‘ng‘ich qizi) turmush o‘rtog‘i Kayrat Sharipbayev “QazaqGaz” milliy kompaniyasi AJ rahbarligidan ketgandi. 17 yanvar kuni o‘rtancha qiz Dinaraning turmush o‘rtog‘i Timur Kulibayev “Atameken” milliy tadbirkorlar palatasi prezidiumi raisi lavozimini tark etdi.

28 yanvar kuni Nazarboyev “Nur Otan” partiyasi rasiligini ham Prezident Qosim-Jomart To‘qayevga topshirdi

2 fevral kuni Qozog‘iston parlamenti mamlakatning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning Xavfsizlik kengashi va Qozog‘iston xalqi assambleyasiga umrbod raislik qilishini bekor qiluvchi qonunni qabul qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

257

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing