Navbat oltinga! Rossiya oltini taqiqga uchrashi kutilmoqda
Olam
−
21 iyun 2022
8821Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan uning oltinlari bilan bog‘liq sanksiyalar qo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Reuters” muhokamalardan xabardor manbalarga tayanib, xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Yevrokomissiya oltinni ehtimoliy yangi sanksiyalar paketiga kiritish ustida ishlamoqda. Ammo bu chora mazkur qimmatbaho metallni Rossiyaga eksport qilishni yoki undan olib kirishni taqiqlashi bilan bog‘liq savollar ochiq qolmoqda.
Daniyaning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Matbuot kotibining aytishicha, o‘tgan hafta elchilarning shaxsiy uchrashuvida daniyalik diplomat oltinni boshqa sektorlar qatori yangi sanksiyalar paketiga kiritishni taklif qilgan.
Nashrning qayd etishicha, 23-24 iyun kunlari Madridda bo‘lib o‘tadigan YeI davlatlari rahbarlari sammiti doirasida sanksiyalar bo‘yicha ish davom etishi kutilmoqda. Sammit ishtirokchilarining bayonotlari loyihasi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini talab qilayotgan davlatlar va avval e’lon qilingan chora-tadbirlarni amalga oshirishga e’tibor qaratishga chaqiruvchi davlatlar tomonidan qabul qilinadigan murosadir.
Ma’lumot uchun, oltin Rossiya Markaziy bankining asosiy aktivlaridan biridir. Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng Markaziy bankning 300 milliard dollarga yaqin oltin-valyuta aktivlari G‘arb sanksiyalariga muvofiq muzlatib qo‘yilgan. Markaziy bank zaxiralarining qariyb yarmi oltinda saqlanadi.
Rossiyadagi ikkinchi yirik oltin qazib oluvchi "Polymetal" kompaniyasi vakillarining ta’kidlashicha, ishlab chiqaruvchi G‘arb sanksiyalari ostida qolmagan bo‘lsa-da, transport kompaniyalari uskunalarni tashishdan bosh tortgani uning faoliyatiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi