NATOning Ukraina bo‘yicha favqulodda sammiti qachon o‘tishi belgilandi

Olam

image

NATOning Ukrainadagi vaziyat va alyans mudofaa qobiliyatini oshirish bo‘yicha favqulodda sammiti joriy yilning 24 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda kecha, 15 mart kuni tashkilot Bosh kotibi Yens Stoltenberg Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi. 

"24 mart kuni NATO shtab-kvartirasida favqulodda sammit chaqirdim. Biz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi, Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlashimiz, NATOning oldini olish va mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilamiz", deydi Bosh kotib. 

AQSH prezidenti Jo Bayden sammitda ishtirok etadi. Bu haqda AQSHning NATOdagi doimiy vakolatxonasi Twitter’da ma’lum qildi. 

“Prezident Bayden kelasi hafta NATO shtab-kvartirasiga keladi va NATO yetakchilarining favqulodda yig‘ilishida ishtirok etadi”, deyiladi diplomatik missiya xabarida. 

Qayd etilishicha, Bayden bo‘lajak NATO sammitida Rossiyani tiyib turish va mudofaa bilan bog‘liq masalalarni muhokama qiladi, shuningdek, Yevropa kengashi yig‘ilishida ishtirok etadi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

11

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing