NATO Rossiyani ogohlantirdi

Olam

image

Ukrainada kimyoviy quroldan foydalanish mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan bo‘lib, o‘nglab bo‘lmas oqibatlarga olib keladi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi davlat va hukumat rahbarlari sammiti arafasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Har qanday kimyoviy quroldan foydalanish mojaroning mohiyatini butunlay o‘zgartiradi. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan bo‘lib, xalqaro huquqni buzadi va keng ko‘lamli oqibatlarga olib keladi", deydi Stoltenberg.

Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO Rossiyaning Ukraina kimyoviy moddalar bilan bog‘liq provokatsiyalar tayyorlayotgani haqidagi ogohlantirishlaridan xabardor, ammo ularni yolg‘on deb biladi.

Shuningdek, u Bryusseldagi sammitda alyans yetakchilari Ukrainaga kiberxavfsizlik sohasida qo‘shimcha yordam hamda kimyoviy va biologik hujumlardan himoya vositalari bilan ta’minlashga qaror qilishini urg‘ulagan.

“Men yetakchilar Ukrainaga biologik, kimyoviy, yadroviy va kiber tahdidlardan himoya qilish uchun qo‘shimcha yordam ko‘rsatish bo‘yicha kelishib olishlarini kutaman”, deydi NATO bosh kotibi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

1973

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing