NATO rahbari Ukrainaning qurol talabiga javob qaytardi
Olam
−
07 aprel 2022
23073NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainaga og‘ir qurollar yetkazib berish masalasini muhokama qilishga va’da berdi. Bu haqda u bugun, 7 aprel kuni Ukraina TIV rahbari Dmitriy Kuleba bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.
Stoltenberg alyans mamlakatlari Ukrainaga qurol yetkazib berishda uni mudofaa va hujum turlariga ajratmasligi kerak, deb hisoblamoqda.
“Ukraina mudofaa urushini olib bormoqda, shuning uchun mudofaa va hujum qurollarini yetkazib berish o‘rtasida farq yo‘q”, degan u alyans Tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishiga kelganida va vazirlar bilan Ukrainaga har xil qurollar, shu jumladan og‘ir qurollar yetkazib berishni muhokama qilishini ta’kidlagan.
Bosh kotib qurol yetkazib berishga to‘xtalib, alyans allaqachon minglab ukrain askarlarini tayyorlaganini ta’kidlagan.
“Uchrashuvimizda qo‘shimcha tankga qarshi va havo hujumiga qarshi qurollar, yengil va og‘ir qurollar hamda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning turli yo‘llari zarurligini ko‘rib chiqamiz”, degan Stoltenberg.
Eslatib o‘tamiz, Ukraina TIV rahbari Kuleba NATOdan ko‘proq qurol yetkazib berishini so‘ragandi. U yetkazib berilayotgan qurollarni hujum va mudofaa deb turlarga ajratmaslik kerakligini qo‘shimcha qilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi