Muzokara joyi borasida Rossiya va Ukrainaning gapi bir joydan chiqmadi
Olam
−
03 mart 2022 10898 3 daqiqa
Ukraina tomoni Rossiya Federatsiyasi bilan muzokaralar olib borilishini e’lon qildi, ammo ular Belarusning Belovej o‘rmonida emas, balki boshqa joyda bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ukraina delegatsiyasi vakili David Araxamiya ma’lum qildi.
“Belovej o‘rmonida bo‘lib o‘tadigan muzokaralar haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Haqiqatan ham muzokaralar bo‘ladi, lekin joy boshqa. Barcha tafsilotlar keyinroq bo‘ladi”, degan u.
Rossiya delegatsiyasi esa allaqachon ikki davlat o‘rtasidagi muzokaralarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Belovej o‘rmoniga yetib borgan. Delegatsiya rahbari Vladimir Medinskiy yetib borgach, Rossiya Federatsiyasi vakillari Ukraina delegatsiyasini kutayotganini aytgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar uchun joyni Rossiya va Ukraina birgalikda tanlagan.
Bu bayonotlarga javoban Kiyev delegatsiyasi a’zolaridan biri, Ukraina Prezidenti idorasi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak “muloqotning haqiqiy boshlanishini” kutishga chaqirgan.
“Ikkinchi [Ukraina] taraf ishtirok etmasa, haqiqiy muzokaralar olib borilishi shubhali. Shunday ekan, muloqotning haqiqiy boshlanishini kuting”, degan u Twitter’da.
Joriy yilning 28 fevral kuni Gomel viloyatida birinchi Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lib o‘tdi, uchrashuv besh soat davom etdi. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qildi. U Rossiya delegatsiyasi kelishuvlarga erishish uchun qancha vaqt kerak bo‘lsa, Ukraina tomoni bilan shuncha muzokaralar olib borishga tayyorligini ma’lum qilgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Live
Barchasi