MRB direktori Rossiya Ukrainada qancha askarini qurbon berganini aytdi
Olam
−
21 iyul 2022
12796AQSH Rossiya Ukrainadagi harbiy harakatlarda 15 ming askarini yo‘qotdi, deb hisoblamoqda. Jarohatlanganlar 45 ming nafarga atrofida bo‘lishi mumkin. Bu haqda AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns Kolorado shtati Aspen shahrida bo‘lib o‘tgan Xavfsizlik forumidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.
“AQSH razvedka hamjamiyatining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, 15 000 ga yaqin [Rossiya harbiylari] halok bo‘lgan va bundan uch baravar ko‘pi yaralangan. Shunday qilib, yo‘qotishlar juda katta. Va ukrainaliklar ham azob chekishdi – ehtimol biroz kamroq. Ammo bu ham katta yo‘qotishdir”, degan Berns.
Eslatib o‘tamiz, Berns forumda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning salomatligi borasidagi mish-mishlarga izoh berib, u mutlaqo sog‘lomligini aytgandi.
“Prezident Putinning salomatligi haqida turli mish-mishlar yuradi. Biz aytishimiz mumkinki, u mutlaqo sog‘lom. Bu razvedkaning rasmiy bahosi emas”, degan u.
Ma’lumot uchun, Rossiya ham, Ukraina ham urushdagi yo‘qotishlari haqida juda oz ma’lumot berib boryapti. Xususan, rasmiy Kiyev harbiy harakatlarda 10 mingga yaqin askarini yo‘qotgani va bundan to‘rt baravar ko‘proq odami jarohatlanganini ma’lum qilgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi