Moldova gumanitar yordamining bir qismini Ukrainaga jo‘natadi
Olam
−
01 aprel 2022
3417Moldova Respublikasiga qochqinlar inqirozini hal qilish uchun berilgan gumanitar yordam zaxiralarining bir qismi xalqaro yordam sifatida Ukrainaga yo‘naltiriladi. Bu haqda "Moldpress" davlat axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish haqidagi qaror mamlakat Bosh vaziri Natalya Gavrilitsa raisligida Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha komissiya yig‘ilishida qabul qilingan.
Komissiya a’zolari Ukrainaga 7,5 million ley miqdoridagi insonparvarlik yordami partiyasini shakllantirish va tashishni Favqulodda vaziyatlar bosh inspeksiyasiga yuklatgan.
Yordam partiyasi tarkibiga markaziy hokimiyat organlari zaxiralaridan va xo‘jalik sub’ektlarining xayriya mablag‘laridan ozod qilinadigan moddiy mulk kiradi.
Avvalroq, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi (SDC) Moldovaga Ukrainadan kirib kelayotgan qochqinlar inqirozini boshqarish uchun 2,22 million dollar ajratishi ma’lum bo‘lgandi.
Ma’lumot uchun, Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan beri 4 million 101 ming 951 nafar tinch aholi mamlakat chegarasini kesib o‘tib, qo‘shni davlatlardan panoh topgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi