Modi nega Rossiyadan keyin Ukrainaga bormoqchi?

Olam

image

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi 30 yil ichida Ukrainaga tashrif buyurgan birinchi hind hukumati rahbariga aylanadi.

Kiyev Modining kelishini 23 avgust – Ukraina mustaqillik kuni arafasida va Bosh vazirning Moskvaga safaridan bir oy o‘tib kutmoqda. Uning tashrifi ukrainaliklar orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lishi shubhasiz.

Hindiston 2022 yil fevralda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi fonida Kiyev va uning ittifoqchilarining jiddiy g‘azabiga qaramay, Rossiya bilan yaqin aloqalarni saqlab kelmoqda.

Modi tomonlarni tinchlikka chaqirsa-da, Ukrainadagi urushda bevosita Kremlni ayblashdan bosh tortdi. Bu Hindiston Bosh vazirining joriy yilning iyul oyida Rossiyaga safari chog‘ida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Modining Prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvi Rossiyaning Ukraina shaharlariga navbatdagi raketa hujumiga to‘g‘ri keldi, buning oqibatida Ukrainadagi eng yirik Oxmatdit bolalar shifoxonasi vayron bo‘ldi.

Hindiston rahbarining Ukrainaga o‘nlab yillardagi birinchi tashrifi

O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Modining Rossiyaga iyul oyidagi tashrifini “hafsalasizlik” deb atadi. 

“Dunyodagi eng yirik demokratik davlat rahbarining shunday kunda Moskvada dunyodagi eng ashaddiy dushmanimizni quchoqlaganini ko‘rish tinchlikka erishish borasidagi sa’y-harakatlarga katta umidsizlik va zarba bo‘ldi”, deb yozgan Zelenskiy. 

Endi Modi Ukrainaga urush boshlanganidan beri birinchi tashrifini amalga oshirish arafasida. Bu Hindiston rahbarining taxminan 30 yil ichida mamlakatga ilk tashrifi bo‘ladi. 

“Hindiston ham Rossiya, ham Ukraina bilan muhim va mustaqil aloqalarga ega va bu hamkorliklar o‘z-o‘zidan mavjud”, deydi Hindiston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Tanmalya Lal.

Tahlilchilarning fikricha, Ukrainaga tashrif Hindistonga tashqi siyosatida muvozanatni saqlashga yordam beradi, shuningdek, Nyu-Dehliga Kiyevni tinchlik muzokaralariga undash imkoniyatini yaratadi. 

“Rossiya azaldan an’anaviy ittifoqchi va Ukraina Hindiston bilan ham juda yaxshi do‘stona munosabatlarga ega. Ayniqsa Ukraina G‘arbdan kuchli qo‘llab-quvvatlangani uchun bu muvozanatni saqlash qiyin vazifa”, degan Hindiston elchisi va Gateaway House tahlil markazi xodimi Rajeyev Bhatiya. 

Bhatiya Nyu-Dehli Kiyevga tashrif Hindistonning Moskva bilan aloqalarini xavf ostiga qo‘yishidan xavotirda emasligini qo‘shimcha qildi.

Modi Kiyevda nima qiladi?

“Hindiston tinchlikparvar davlat sifatida harakat qiladi va insonparvarlik yordamini ko‘rsatishga urinadi. Hindistonning Qo‘shma Shtatlarga yaqin bo‘lishiga qaramay, ularning munosabatlarida yashirin shubhalar saqlanib qolmoqda. Rossiya bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lishiga qaramay, Bosh vazir Hindistonni G‘arbdan uzoqlashtirishni istamaydi”, deydi Ashoka universiteti xalqaro aloqalar kafedrasi dotsenti Amit Julka Modining Kiyevga bo‘lajak tashrifini sharhlar ekan. 

Ayni paytda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Nyu-Dehli Kiyevda tinchlik rejasini taqdim qilmasligini, biroq mamlakat tinch yo‘l bilan kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Bundan tashqari, Modi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan yana bir qancha masalalarni muhokama qilishi mumkin.

“Mudofaa va iqtisodiy hamkorlik masalalari, shuningdek, Hindistonning urushdan keyingi Ukrainani kelajakda qayta qurishdagi roli muhokama qilinadi”, deydi sobiq elchi Bhatiya.

AQSH, Rossiya, Xitoy o‘rtasida oyoq uchida yurish

Rossiya va Hindiston o‘rtasidagi harbiy, savdo va diplomatik aloqalar allaqachon chuqurlashib bo‘lgan. Hindiston neftning 40 foizdan ortig‘ini va qurollarining 60 foizdan ko‘prog‘ini Rossiyadan sotib oladi, shuningdek, ko‘mir, o‘g‘itlar, o‘simlik moyi va qimmatbaho metallarni import qiladi.

G‘arbning Qrimning anneksiya qilinishi va Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi sababli sanksiyalar qo‘llash orqali Rossiyani yakkalab qo‘yayotgani Hindistonning qo‘lida o‘ynaydi, chunki bu Moskvani yanada yaqinroq aloqalarga intilishga undaydi. Bundan tashqari, Nyu-Dehli Moskvadan burilish Rossiyani Hindistonning Osiyodagi asosiy raqibi Xitoyga yaqinlashtirishi mumkinligidan xavotirda.

Geosiyosiy hisob-kitobni yanada murakkablashtiradigan narsa shundaki, AQSH va boshqa G‘arb davlatlari Modining Rossiyaga nisbatan do‘stona munosabati va Putin bilan uchrashuvidan g‘azablangan. Biroq G‘arb Hindistonning Moskvadagi bu ta’sirini yo‘qotishini ham xohlamaydi, chunki u Kremlga ta’sir o‘tkazishga urinishlarida Xitoyga qarshi asosiy vosita bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Modi Ukrainaga safari oldidan tomonlarni tinchlikka chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Hindiston Ukraina Modi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing