Ar-Riyod yana Rossiya va AQSH uchun muzokara maydoni bo‘ladi

Olam

image

Joriy yilning 24 mart kuni Rossiya va AQSH vakillari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida uchrashadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng ma’lum qildi.

Rossiya delegatsiyasiga senator Grigoriy Karasin va Federal xavfsizlik xizmati (FXX) direktorining maslahatchisi Sergey Beseda rahbarlik qiladi. Ukrain razvedkasi ilgari Sergey Besedani Ukraina uchun “juda muammoli shaxs” deb atagan edi.

“Bu haqiqatan ham xalqaro masalalarni yaxshi tushunadigan tajribali muzokarachilar. Dushanba kuni bo‘lib o‘tadigan maslahatlashuvlar samarali bo‘lishiga umid qilamiz”, dedi Yuriy Ushakov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlatning ekspertlar guruhi Qora dengiz akvatoriyasida kemalar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tashabbusni ishlab chiqish uchun yig‘iladi. Ushakov 2022 yil iyulida BMT vositachiligida imzolangan “don kelishuvi” misolida shunday xalqaro bitimlarni keltirgan. O‘shanda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT kelishuvga erishgan, biroq Moskva bir yil o‘tib, ayrim shartlar bajarilmaganini sabab qilib ko‘rsatib, kelishuvdan chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichi 23 mart, yakshanba kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tishini aytgan edi. Muzokarada AQSH tomonidan Davlat kotibi Marko Rubio va Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts ishtirok etadi. Tadbir davomida 18 mart kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni batafsil muhokama qilish rejalashtirilgan.  


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Saudiya Arabistoni Ar-Riyod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing