Mirziyoyev dunyoda urchiyotgan islomofobiyani qoraladi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
6685O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida so‘zlagan nutqida dunyoning ayrim mamlakatlarida uchrayotgan diniy toqatsizlik va islomofobiya holatlarini qoralab, ularga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini aytdi.
Uning qayd etishicha, dunyo hamjamiyati ekstremizm balosi tarqalishiga, yoshlarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslik uchun birgalikdagi harakatlarni kuchaytirishi zarur.
Prezident o‘z so‘zida o‘tgan yilning mart oyida Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining terrorizmga qarshi global strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilinganini eslatgan.
“Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Milliy strategiyamiz doirasida bir masalaga alohida e’tibor qaratmoqdamiz. U ham bo‘lsa, ilgari ekstremizm g‘oyalari ta’sirida bo‘lgan shaxslarni sog‘lom hayotga qaytarish va jamiyatga moslashtirish masalasidir. Biz bu borada o‘ziga xos tajriba orttirdik, besh marta “Mehr” insonparvarlik missiyasini o‘tkazdik. Uning doirasida 530 nafardan ziyod fuqarolar, avvalo, ayollar va bolalarni Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli nizolar hududlaridan yurtimizga qaytardik. Ularning barchasiga tibbiy, psixologik, ijtimoiy va boshqa yordamlar ko‘rsatildi. Xalqaro jamoatchilik joriy yilning iyun oyida mana shu yerda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida mamlakatimizga olib kelingan va yangi hayot boshlagan shaxslarning tarixini ularning o‘zlaridan eshitdi”, deydi O‘zbekiston rahbari.
Uning bildirishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar xalqaro terrorizm kabi umumiy tahdidlarga qarshi kurashda yanada birlashib, harakat qilishlari kerak.
“Yana bir muhim fikrni ta’kidlashni istardim. So‘nggi paytlarda ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiya holatlariga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb hisoblaymiz. Jahon miqyosida dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekistonda UNESCO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etishni taklif qilamiz”, deydi Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari, muqaddas Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Shvetsiyada politsiyasining ruxsati bilan aksiya o‘tkazilgan va unda Iroqdan kelgan 37 yoshli muhojir Salvan Momika Qur’on sahifalarini yirtib tashlab, uni yoqib yuborgandi. Bu harakat ko‘pchilik tomonidan, xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham qoralandi. Salvan Momika esa 20 iyul kuni yana Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya o‘tqazdi va musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepdi. Keyinchalik Daniya poytaxti Kopengagendagi Iroq elchixonasi oldida ham o‘ta millatchi “Daniyalik vatanparvarlar” guruhi vakillari miting o‘tkazib, Qur’on kitobini yoqib yubordi. Keyinchalik Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham Qur’on tahqirlanishini qoraladi.Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi esa Shvetsiya va Daniyada Qur’onni tahqirlash bilan bog‘liq harakatlarni dunyo musulmonlari uchun haqoratomuz, deb atadi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi “Nafrat so‘zlariga qarshi kurashish kontekstida dinlararo va madaniyatlararo muloqot va bag‘rikenglikni qo‘llab-quvvatlash” rezolyutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston uning hammualliflaridan biri bo‘ldi.
LiveBarchasi