Qur’on tahqiri. Dunyo islomofobiyaga nima deyapti?
Olam
−
21 iyul 2023
10473Kecha, 20 iyul kuni Shvetsiya poytaxti Stokgolmda Qur’on yana tahqirlandi. Shundan so‘ng, ko‘plab davlatlar va xalqaro tashkilotlar bu holatni qoralab chiqdi.
Gap shundaki, kecha, 20 iyul kuni Stokgolm politsiyasining ruxsati bilan Iroq elchixonasi yaqinida aksiya bo‘lib o‘tgan. Unda 37 yoshli iroqlik muhojir Salvan Momika musulmonlarning muqaddas kitobi Qur’on nusxasini tepgan va krossovkasini Iroq milliy bayrog‘i hamda taniqli davlat arboblarining suratlari bilan artgan.
Stokgolmda ushbu tadbirni o‘tkazish rejalashtirilayotgani, unda Iroq bayrog‘i va Qur’onni yoqib yubormoqchi bo‘lishgani haqidagi xabarlar tarqalishi bilan, Iroq shialarining vakili Muqtada Sadr Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldida norozilik namoyishlari o‘tkazishga chaqirgan. Shundan so‘ng, Bag‘dodda namoyishchilar Shvetsiya elchixonasi binosiga bostirib kirib, uni yoqib yuborgan.
Bu orada Iroq hukumati Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchisini chiqarib yuborish va respublikaning Stokgolmdagi muvaqqat ishlar vakilini chaqirib olishga qaror qilgan.
Bu voqealar xalqaro hamjamiyat e’tiboridan chetda qolmadi. Xususan, Saudiya Arabistoni Shvetsiya rasmiylarini butun dunyo bo‘ylab millionlab musulmonlarga qarshi provokatsion harakatlar takrorlanishiga yo‘l qo‘ygani uchun qoralab, mas’uliyatsizlikda aybladi. Shuningdek, mamlakat Tashqi ishlar vazirligi Qur’onni tahqirlash harakati yuzasidan Shvetsiya rasmiylariga nota yuborilishini ma’lum qildi.
“Barcha diniy qadriyatlarni va xalqaro huquqni buzuvchi sharmandali xatti-harakatlarni to‘xtatish uchun zarur choralarni ko‘rish muhim”, deyilgan vazirlik bayonotida.
Boshqa tomondan, AQSH ma’muriyati o‘z e’tiborini Shvetsiyaning Bag‘doddagi elchixonasi oldida ro‘y bergan namoyishlarga qaratgan. Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller bu bo‘yicha bayonot berib, Iroq xavfsizlik kuchlari tomonidan Shvetsiya elchixonasiga namoyishchilarning kirib kelishini oldini olish uchun yetarli choralar ko‘rilmaganini aytgan va Vashington buni nomaqbul deb hisoblashini bildirgan.
"Qo‘shma Shtatlar 20 iyul kuni erta tongda Bag‘doddagi Shvetsiya elchixonasiga uyushtirilgan hujumni keskin qoralaydi. Tinch yig‘ilishlar erkinligi demokratiyaning muhim xususiyati, ammo kecha sodir bo‘lgan voqea zo‘ravonlik edi. Iroq xavfsizlik kuchlari namoyishchilarning kirib kelishini to‘xtatish uchun chora ko‘rmagani qabul qilinishi mumkin emas. Biz shved hamkorlarimiz bilan aloqaga chiqib, ularni qo‘llab-quvvatlashimizni bildirdik. Boshqa mamlakatlardagi diplomatik missiyalar zo‘ravonlikka duchor bo‘lmasligi kerak. Biz Iroq hukumatini xalqaro huquq talablariga ko‘ra, mamlakatdagi barcha diplomatik vakolatxonalarni bosqin va zararlardan himoya qilish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqiramiz", deydi Metyu Miller.
Turkiya esa Stokgolmda Qur’on tahqirlanishini qoralagan. Rasmiy Anqara Shvetsiyadan o‘zining xalqaro majburiyatlari, xususan, BMT, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda Yevropa Kengashidagi vazifalari doirasida Islom diniga va milliardlab dindorlarga qarshi nafrat jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rishidan umidvorligini bildirgan.
O‘z navbatida, Iroq qarorgohi Jiddada joylashgan Islom hamkorlik tashkilotidan Stokgolmda Qur’on tahqirlangani munosabati bilan favqulodda yig‘ilish o‘tkazishni so‘ragan. Mamlakat Tashqi ishlar vaziri Fuad Husayn Iroqning Jiddadagi doimiy vakiliga Qur’onni qayta-qayta tahqirlash holatlarini muhokama qilish uchun Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida murojaat yuborgan.
Bundan tashqari, Iroq TIV rahbari Arab davlatlari ligasiga musulmonlarning muqaddas kitobi yoqib yuborilishi bilan bog‘liq “voqea rivoji bo‘yicha hujjat” jo‘natish haqida ko‘rsatma bergan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa Nyu-Yorkda Islom hamkorlik tashkiloti elchilari guruhi bilan uchrashuvda islomofobiya harakatlarini qoralab, musulmon jamoatchiligi bilan birdam ekanini ma’lum qildi.
Shuningdek, Guterrish BMT Inson huquqlari kengashining "kamsitish, dushmanlik va zo‘ravonlikka olib keladigan dinga qarshi nafratga qarshi kurashish" rezolyutsiyasini amalga oshirish uchun harakat qilishini aytgan. Bosh kotib murosasizlik, zo‘ravonlik va islomofobiya xatti-harakatlarini qoralab, bu qarama-qarshilikni kuchaytirib, diskriminatsiya va radikallashuvni qo‘zg‘atishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, bunday holat oldin ham ro‘y bergandi. O‘shanda ham Salvan Momika Stokgolmning markaziy maydonlaridan birida Qur’on kitobini yoqib yuborgandi. Bunga nisbatan bir qator davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Turkiya, Iroq, AQSH, Yevropa Ittifoqi va Islom hamkorlik tashkiloti o‘z noroziligini bildirgandi. Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Rim papasi Fransisk va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Qur’onning yoqilishini qoralagan.
LiveBarchasi