Mirziyoyev “Arqadag‘”ni mukofotladi
Jamiyat
−
24 aprel
3749Ikki tomonlama muzokaralar yakunida turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining yuksak davlat mukofoti – "Oliy Darajali Do‘stlik" ordenini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mukofotni topshirar ekan, Gurbanguli Berdimuhamedovning qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashdagi ulkan xizmatlarini alohida qayd etdi.
“Qardosh Turkmanistonning barcha ulkan yutuqlari, keng ko‘lamli yangilanishlari va xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishi sizning nomingiz bilan chambarchas bog‘liq”, dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Turkmanistonda iqtisodiyotning barqaror o‘sishi ta’minlanmoqda, aholi farovonligi izchil yuksalmoqda. Prezident turkman xalqining milliy yetakchisi tomonidan ilgari surilayotgan global xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash yo‘lidagi xalqaro tashabbuslarni alohida qayd etdi.
Shu munosabat bilan Gurbanguli Berdimuhamedovning 2025 yilni "Tinchlik va ishonch yili" deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlangani ta’kidlandi.
Turkmaniston yetakchisining shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston-Turkmaniston munosabatlari bugungi kunda yuksak darajaga chiqqani, haqiqatdan namunaviy tus olgani ta’kidlandi.
“Shaxsan sizning ko‘magingiz bilan 2017 yilda davlatlarimiz strategik sherikligining mustahkam asosi yaratildi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mamlakatlar parlamentlari, hukumatlari, hududlari, ishbilarmonlari, jamoatchiligi, ziyolilari va yoshlari o‘rtasida faol muloqotlar, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha dastur va loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bildirilishicha, keyingi yillarda tovar ayirboshlash bir necha barobar ko‘payib, 1 milliard dollardan oshgan.
“Madaniy-gumanitar hamkorlik yuksak e’tirofga loyiq. Masalan, o‘tgan yili Ashxobod va Toshkentda Maxtumquli asarlarining o‘zbek tilidagi to‘plami taqdimot qilindi, shuningdek, Ashxobod xalqaro kinofestivalida o‘zbek-turkman badiiy filmining premerasi bo‘lib o‘tdi”, deyiladi xabarda..
Gurbanguli Berdimuhamedovga O‘zbekiston Respublikasining oliy mukofoti topshirilishi ko‘p millatli xalqimizning atoqli davlat arbobi, bugungi Turkmanistonning milliy yetakchisi va me’mori sifatida unga nisbatan samimiy hurmat-ehtiromi ifodasi bo‘lgani ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun, Gurbanguli Berdimuhamedov kecha, 23 aprel kuni tashrif bilan Samarqandga keldi. Tantanali ravishda ikki mamlakat bayroqlari bilan bezatilgan Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev kutib oldi. Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida Mirziyoyev va Berdimuhamedov birgalikda Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Shundan so‘ng, yetakchilar birgalikda “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘i hududida tashkil etilgan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi. Bugun, 24 aprel kuni Samarqand shahrida Shavkat Mirziyoyev va Gurbanguli Berdimuhamedovning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘istonga borgandi. Turkiston aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Ular birgalikda turkiy dunyoning eng buyuk ma’naviy, tarixiy va madaniy qadamjolaridan biri – UNESCO'ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi. 22 aprel kuni Qosim-Jomart To‘qayev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Galkinish konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng, Turkman xalqining milliy yetakchisi Qirg‘izistoning Cho‘lpon-Ota viloyatiga bordi. Uni aeroportda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kutib oldi. Japarov Berdimuhamedovni qirg‘izcha mehmon qildi.
Kecha, 23 aprel kuni Japarov Cho‘lpon-Ota shahrida Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi. Keyin esa yetakchilarga Issiqko‘l viloyatidagi Baktuu-Dolonotu qishlog‘idagi ippodromda qirg‘iz milliy ot sporti o‘yinlari – “Jorgo salish” va “Ko‘k boru” taqdim etildi. Madaniy dastur yakunida Prezident Sadir Japarov faxriy mehmonni Issiqko‘l xalqaro aeroportigacha kuzatib qo‘ydi.
LiveBarchasi