“Arqadag‘” Islom Karimovning qabrini ziyorat qildi

Jamiyat

image

Samarqand shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat ko‘rsatdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qabrga gullar qo‘yildi. Qur’on tilovat qilindi.

Gurbanguli Berdimuhamedovning Samarqandga tashrif dasturiga muvofiq, ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazish va madaniy tadbirlarda birgalikda ishtirok etish ko‘zda tutilgan. Muzokaralarda O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Gurbanguli Berdimuhamedov Qozog‘istonga borgandi. Turkiston aeroportida oliy martabali mehmonni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev kutib oldi. Ular birgalikda turkiy dunyoning eng buyuk ma’naviy, tarixiy va madaniy qadamjolaridan biri – UNESCO'ning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Xo‘ja Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildi. Kecha, 22 aprel kuni Qosim-Jomart To‘qayev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Gaz sohasida hamkorlikni kengaytirish, xususan, Qozog‘istonning xorijiy hamkorlar bilan birgalikda Galkinish konini o‘zlashtirish loyihasida ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng, Turkman xalqining milliy yetakchisi Qirg‘izistoning Cho‘lpon-Ota viloyatiga bordi. Uni aeroportda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov kutib oldi. Japarov Berdimuhamedovni qirg‘izcha mehmon qildi.

Bugun, 23 aprel Japarov Cho‘lpon-Ota shahrida Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazdi. Keyin esa yetakchilarga Issiqko‘l viloyatidagi Baktuu-Dolonotu qishlog‘idagi ippodromda qirg‘iz milliy ot sporti o‘yinlari – “Jorgo salish” va “Ko‘k boru” taqdim etildi. Madaniy dastur yakunida Prezident Sadir Japarov faxriy mehmonni Issiqko‘l xalqaro aeroportigacha kuzatib qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Islom Karimov Gurbanguli Berdimuhamedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing