Lola Karimova Islom Karimovga “millat otasi” rutbasini berdi

Jamiyat

image

Islom Karimov biror qaror qabul qilganida, ba’zan bu qarorlar nihoyatda og‘ir va murakkab bo‘lishiga qaramay, doimo kelajak avlodlar haqida, O‘zbekistonning kelajagi haqida o‘ylagan. Bu haqda uning kenja qizi Lola Karimova o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida yozdi. 

Bugun, 2 sentyabr kuni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafotiga o‘n yil to‘ldi. Karimov vafotidan keyin uning oilasi taqdiri butkul o‘zgarib ketdi. 2013 yildayoq mahkamaga tortilgan Gulnora Karimova ayni vaqtda ham qamoqda saqlanmoqda. Uning farzandlari mamlakat tashqarisida. Oilaning kenjasi Lola Karimova esa mamlakatni tark etib, AQSHdan qo‘nim topgan, u yaqinda turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayev bilan ham ajrashganini ovoza qildi. Shuningdek, qizi Maryam bilan ham munosabatlarni uzgan. 78 yoshni qarshilagan Tatyana Karimova esa Toshkentda istiqomat qilyapti. 

Har yili Karimovlar oilasi vakillari ijtimoiy tarmoqlar orqali Islom Karimovni xotirlashi an’anaga aylangan. Lola Karimova bu safar otasi bilan bog‘liq voqealarni xotirlamadi, aksincha, Islom Karimovni xotirlayotgan, u haqida iliq fikrlarni aytayotganlarga minnatdorlik bildirdi. 

“Bugun otam olamdan o‘tganlariga roppa-rosa o‘n yil bo‘ldi.

Aytishlaricha, inson shaxsiyati qanchalik buyuk bo‘lsa, uning bosib o‘tgan yo‘li va qoldirgan merosini chinakam anglash va munosib baholash uchun shunchalik ko‘p vaqt kerak bo‘ladi. Bu xuddi ulkan sayyoraga o‘xshaydi: u qanchalik katta bo‘lsa, uni to‘laligicha ko‘rish uchun shunchalik uzoqroq masofadan qarash kerak. Menimcha, bu yerda ham xuddi shunday.

Yillar o‘tgan sari men buni tobora aniqroq ko‘ryapman, his qilyapman va anglayapman. Samarqandda qabrlariga borganimda, u kishini ziyorat qilish, duo qilish uchun kelayotgan insonlarni ko‘rganimda. Bugun ertalab Moskvadan kelgan suratlarda u kishining haykali poyiga odamlar kelganini ko‘rganimda. Dunyoning turli burchaklarida – Parijda yoki qayerda bo‘lmayin – vatandoshlarimni ko‘rganimda. Ular doimo otam haqida iliq va yaxshi so‘zlar aytadilar, menga esa yaqin, qadrdon insondek munosabatda bo‘ladilar. Bu men uchun juda qadrli.

Bugun otamni xotirlayotgan, u kishini yaxshi so‘zlar bilan yodga olayotgan barcha insonlarga chin qalbimdan, butun yuragim bilan minnatdorlik bildirmoqchiman”, deydi Lola Karimova.

U so‘zida davom etarkan, marhum otasina “millat otasi” rutbasini bergan. 

“Otamni Millat otasi – yangi davlat, mustaqil O‘zbekistonni barpo etgan va unga asos solgan, uning suveren davlat sifatida shakllantirgan hamda kelajakda ravnaq topishi uchun zarur bo‘lgan davlat institutlarini yaratgan inson sifatida xotirasida saqlab kelayotgan barchaga o‘z tashakkurimni izhor etaman.

Men shunga guvohmanki, u kishi qaror qabul qilar ekanlar, ba’zan bu qarorlar nihoyatda og‘ir va murakkab bo‘lishiga qaramay, doimo kelajak avlodlar haqida, O‘zbekistonning kelajagi haqida o‘ylar edilar.

Xozirda ham men u kishining ruhi qayerdadir yaqinda, kuzatib turganini his qilaman.

Yana bir bor barchangizga chin qalbimdan tashakkur aytib, otam — Mustaqil O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga bo‘lgan hurmat va ehtiromingiz uchun cheksiz minnatdorchiligimni bildirmoqchiman”, deydi Karimova oilasining kenjasi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing