Maryam Tillyayeva pul uchun shouda qatnashib baloga qoldi (video)
Jamiyat
−
23 iyun 18561 4 daqiqa
O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimovning nabirasi Maryam Tillyayeva va uning eri Arno Kosyan “Pyatnitsa” telekanalidagi “Sevgiga pul tikish” realiti-shousining yangi mavsumida ishtirok etdi. Ularning shoudagi ishtiroki tomoshabinlar va tarmoq kuzatuvchilari o‘rtasida kuchli muhokama, xeyt va noroziliklarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng, Maryam (Masha) Tillyayeva Turkiyaga uchib ketishi oldidan o‘zining Instagram sahifasida xeyterlariga nisbatan “iliq” fikrlarini qoldirdi.
Shou premerasi 2026 yil 15 mayda bo‘lib o‘tgandi. Shouni kuzatgan tomoshabinlar Mashani villada o‘zini haddan tashqari erkatoy tutishda, pulparastlikda va rus yulduzlari bilan ikkiyuzlamachilik qilishda aybladi.

Eng katta bahslardan biri Maryamning loyihaga borish maqsadi haqidagi gaplari bo‘ldi. Shou davomida u bosh sovrin – yirik pul mukofoti uchun kelganini, chunki to‘y xarajatlari uchun pul kerakligini aytdi. Shuningdek, u Arno bilan munosabatlari boshida qaylig‘i unga “alfons emasligini” isbotlash uchun o‘zining bor pulini sarflab yuborganini, hatto Maryamning jamoasiga o‘z cho‘ntagidan oylik to‘lab, bor-budidan ayrilib, xonavayron bo‘lganini ochiqladi. Tanqidchilar u badavlat oila vakili bo‘la turib, realiti-shouda pul haqida bunday gapirishini va yigitni moliyaviy qiyinchilikka tushirganini noo‘rin deb hisobladi.
Iyun oyidagi sonlarda Maryam va taniqli rus aktrisasi Anna Xilkevich o‘rtasidagi mojaro eng yuqori nuqtasiga chiqdi. Maryam Xilkevichni “ikkiyuzlamachilik va manipulyatsiya” qilishda, orqadan ish tutib boshqa ishtirokchilarni Jenya Yershovga qarshi qayrashda aybladi. Xilkevich esa buni rad etib, Maryamning o‘zi villadagi jamoani unga qarshi qayrayotganini aytdi. Yulduzlar o‘rtasidagi bunday keskin aytishuv ijtimoiy tarmoqlarda ikki tomon muxlislarining urushiga aylanib ketdi.

Bundan tashqari, loyihaning boshqa ishtirokchilari, xususan, taniqli bloger Losha Yanger Maryamning villadagi o‘zini shohona tutishidan norozi bo‘ldi. Uning fikricha, Maryam o‘zini haddan tashqari erkatoy tutadi va odamlar bilan go‘yoki bolaligidan beri buyruq ohangida gaplashishga odatlangan.
Tomoshabinlarning bir qismi aynan mana shu “kiborlarcha” munosabat va villadagi boshqa qatnashchilarni “yolg‘onchilar” deb atagani uchun Maryamni tanqid ostiga oldi.
Shuningdek, shouning oltinchi sonida Maryam va Arno loyihadan chiqib ketish xavfi ostida qoldi, ularga qarshi ko‘pchilik ovoz berdi. Bu natijani kutmagan Maryam yig‘lab, xonasiga qamalib oldi va keyingi kuni o‘ziga yaqin bir-ikki kishidan tashqari hech kim bilan gaplashmay, “boykot” e’lon qildi. Ko‘pchilik tomoshabinlar buni o‘yin qoidalarini to‘g‘ri qabul qila olmaslik va zaiflik deb baholadi.

Maryam Tillyayeva 21 iyun kuni o‘zining ijtimoiy tarmog‘iga eri bilan birga Turkiyaga jo‘nab ketayotgani haqida post joylab, unda uni qoralovchi odamlarga bir qancha yumshoqlik bilan tahdidli ogohlantirish ham berib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shou va real hayotning farqi bor. U shunchaki o‘yinda ishtirok etgan va u yerdagi muhit uni ruhiy tushkunlikka tushirgan. U yana hech kim uni haqorat qilishga xakki yo‘qligini, lozim bo‘lsa bunga qonuniy javobgarlik borligini eslatib o‘tgan. U odamlarga shunchaki “bu menga yoqmadi, deb ayting, tushunaman lekin shaxsiy hayotimga aralashmang, o‘z hayotingizda yashang”, degan. U yana odamlar uchun ijtimoiy muammo emasligini, agar bu haqida gap ketsa nega Falastindagi xunrezliklarga jim qarab turganini eslatib o‘tgan.
“Shouda ishtirok etishim haqida izoh bera olmayman, chunki birinchidan, bu haqiqiy shou emas, balki tashkillashtirilgan shou, xolos. Lekin so‘nggi 24 soat ichida menga mingdan ortiq haqorat va tahdidlar keldi. Bu men haqiqiy hayotda hech qachon eshitmagan tahdidlar. Do‘stlar, bu dunyoda mendan boshqa ham juda ko‘p muammolar bor, ijtimoiy muammolar, iqtisodiy muammolar. Agar siz odamlarning farovonligi va ularga bo‘lgan munosabati haqida shunchalik ochiqchasiga gapirsangiz, unda siz Falastin haqida jim turmas edingiz, bu dunyodagi ijtimoiy muammolar haqida jim turmas edingiz. Siz ular haqida gapirmadingiz, lekin shunchaki mening sahifamga kelib bor nafratingizni sochyapsiz. Bu normal holat emas, bu onlayn bezorilik va bunga qarshi odamlarning huquqlarini himoya qiluvchi qonunlar bor”, deydi u.
Masha Tillyayeva bundan bir oy oldin Rossiyaning TNT kanalidagi “O‘yin ustasi” realiti-shousining ikkinchi mavsumida ishtirok etishini ma’lum qilgandi.
“Men g‘oyalar uchun kurashishga o‘rganib qolganman, ammo “O‘yin ustasi” butunlay boshqacha chaqiriq. Bu yerda siz biror narsa uchun emas, balki kimgadir qarshi kurashasiz. Kim “Men siz bilanman” deb aytishini va bir soatdan keyin sizga qarshi ovoz berishini hech qachon bilmaysiz”, deydi Tillyayeva shoudagi ishtiroki haqida.
Bu shou mafiya o‘yiniga o‘xshab ketadi. Unda qoidalar va ssenariyy yo‘qligi bilan o‘ziga xos xarakterli. O‘yinni suratga olish ishlari Marokashda bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining kenja qizi Lola Karimova turmush o‘rtog‘i Temur Tillyayev bilan rasman ajrashganini e’lon qilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi