Karimov ortidan duv-duv gap. U O‘zbekistonni Suriyaga aylanishdan saqlab qolganmi?

Tahlil

Yaqindagina “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja Birinchi Prezident Islom Karimovning vafotiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan: “O‘zbekiston Suriyaga aylanmagan bo‘lsa, bu Islom Karimovning dono siyosati sabab”, ekanini aytib chiqqan Lola Karimovaga otasining xatolarini eslatib, unga “Qichimagan joyni qashlamaslikni” maslahat berdi. Jurnalistika universiteti rektori Karimovaning gaplari ilova qilingan postida “mohirona va har taraflama o‘ylangan siyosat tutilmagani uchun” minglab taqdir-u qismatlar sinib ketganini bildirgan.

“Singlimiz Otalaridan yaxshilab so‘rasalar bo‘larkan nimaga bunday bo‘lganini. Balkim qo‘shnilardan farqli ravishda aynan bizda radikallashuvga olib keluvchi 90 yillardagi noto‘g‘ri tutilgan siyosat sababdir? Balkim aynan Islom Karimovning boshqaruv uslubi (bizni sobiq Suriya yo sobiq Afg‘onga o‘xshab qolishimiz) bu unsurlarni keltirib chiqargandir? Otalari aytganidek, qichimagan joyni qashlash nojoizdir”.

Ushbu post keng muhokamalarga sabab bo‘lib, rektor ko‘pgina tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tanqidga uchradi. Foydalanuvchilar uning o‘zi ham Karimov davrida davlat ishida ishlagani eslatilib, nega o‘sha vaqtda bu gaplarni aytmaganini savol ostiga oldi. Hattoki, Sherzodxon Qudratxo‘janing Karimov yonida Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Quddus A’zam bo‘lgan davrada kulib tushgan surati ilova qilingan postlar tarqatilib, rektor marhum prezidentga yaqin bo‘lganini aytib chiqqanlar ham topildi.

“Sherzodxon Qudratxo‘ja, to‘g‘ri o‘sha davrda rektor bo‘lmagandirsiz, orden olmagandirsiz, ammo biz sizni telekanalda o‘sha davrda taniganmiz. Chekka viloyatda o‘tirib sizning sharhlaringiz, informatsion dasturlardagi reportajlaringizni ko‘rib jannatda yashayotganimizga ishonganmiz. Qarang-a, siz ham Yulduz opaga o‘xshab ich-ichingizdan ezilgan ekansiz-da?!”.

Jurnalist Karimberdi To‘ramurod esa rektorning fikrlariga qo‘shilganday bo‘lib, Karimov ichkaridagilar sonini tashqaridagilar bilan teng qilmoqchi bo‘lganini aytdi.

“Otasining bitta orzusi amalga oshmay qoldi, umri tugab qoldi: ichkaridagilarning sonini tashqaridagilarning soniga teng qilmoqchi edi!”.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist maqom ijrochisi Gulbahor Erqulova esa o‘tganlarni yomonlash, ularning kamchiliklarini qidirish faqat O‘zbekistonda borligi haqida izoh yozdi.

“O‘tganlarni yomonlash, kamchiligini topishga ustalar bir o‘zlari ularning o‘rnida bo‘lishganida bilishar edi. Eh, u insonni boshiga tushgan ishlar hech kimning boshiga tushmasin. Faqat bizni davlatda oldingilarni gapirish bor”.

Yuzlab bunday izohlarga javoban Sherzodxon Qudratxo‘ja raddiya berib, bir kun avval yozilgan postiga shuncha munosabat bo‘lishini kutmagani va negativ yozganlarning fikri ham qiziq ekanini aytdi. U aynan bugungi zamon sharoiti oldingi davrdan farqli ravishda hurfikrlikni yuzaga keltirganini da’vo qilgan holda haqorat bo‘lmasa, hamma tanqidga chidashini bildirib, unga yo‘nalgan savollarga uch asosda javob berdi.

“Javoblarim qo‘yidagicha: birinchidan, men hech kimga qarshi yozmadim, siyosatshunos olim sifatida boshqa fikrga o‘z fikrim va pozitsiyamni bildirdim (axir mumkin-ku), ikkinchidan, o‘lganlar to‘g‘risida odatda yomon gapirilmaydi, ammo bu holatda gap oddiy mo‘min, musulmon to‘g‘risida ketmayapti, biz siyosatshunoslik va tarix fani doirasida doimo marhum qirollar, imperatorlar, sarkardalar, podshohlar, prezidentlar, bosh vazirlar, vazirlar faoliyati va umrini keys sifatida o‘rganamiz. Unda insoniyatga nega na tarix, na siyosatshunoslik, na falsafa fanlari kerak ekan? Uchinchidan, o‘sha davrda bitta men emas, hech kim hech narsa gapirolmagan, ozgina gapirishga jur’at qilganlar yo qamalib qutulgan, yo O‘zbekiston Qahramonlari bo‘lsa ham barcha kursilaridan yiqitilgan, quvilgan, odamlar ham ko‘rishmaydigan qilib qo‘yilgan, ba’zilar esa hatto jismonan yo‘q qilingan”.

Shuningdek, rektor ushbu keysda SSSR rahbari Nikita Xrushchyov bilan bo‘lgan voqeani esladi.

“Stalin o‘lganidan so‘ng 20-s’ezdda Nikita Xrushchyov uning zulmi va yovuzligi haqida doklad qilganida zalda o‘tirgan bir odam o‘tirgan joyidan baqirgan ekan “Xo‘sh, nega o‘sha payt gapirmagansiz deb? Xrushchov: “Kim u? Turing”, debdi. Sukunatmish. Shunda Nikita Sergeyevich aytgan ekan: “Ko‘rdingizmi? biz ham qo‘rqqanmiz o‘shanda, jim yurganmiz”.

Qudratxo‘ja bugunga kelibgina gapirayotgani, og‘zi, o‘zi botir bo‘layotganini ta’kidladi va buni siyosatdan nari, rahbarni ilohiylashtirgan nostalgik kayfiyatdagilar qatlami tushunmasligini, ammo repressiyalarda yaqinini yo‘qotganlar, “shu zulmat yillarda quvilganlar”, ularning oilalari hamda farzandlari rektorni bittada tushunishini aytdi.

“Xonadonida yillab aza tutgan, motamda yurganlar, ezilganlar meni tushunadi. Xoh u akademik bo‘lsin, xoh biznesmen, xoh fermer, xoh oddiy dindor, yo imom. Tarixni va uning qora kunlarini shuncha unutganimiz yetar endi, bunday kunlar yana qaytmasligi uchun ham eslashimiz, bilishimiz kerak”.

Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zi so‘nggida O‘zbekiston Suriya emas, Malayziya, Koreya, Yaponiya, Singapur kabi bo‘lishiga intilib yashash kerakligini ta’kidladi.

Jurnalistika universiteti rektori postiga javob qaytarganlar faqat ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari emas, post yozilishiga turtki bo‘lgan Lola Karimova ham bee’tibor ketmadi, uning javobi esa qaysidir ma’noda ogohlantirishga o‘xshaydi, deyish mumkin.

Karimovning qizi unga noaniq reaksiya bildirayotganlar va marhum prezidentning qizini “singlimiz” deb murojaat qilgan rektor Sherzodxon Qudratxo‘jaga o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali yo‘llagan javobida shunday dedi:

“Men otamni hurmat qilmaydiganlarga singil emasman. Birinchi Prezident vafot etganiga 9 yil to‘lishi munosabati bilan qilgan postimga bema’ni reaksiya bildirishga buyurtma berganlarning baxtiga menda hech qanday siyosiy ambitsiya yo‘q. Shu bois ham hech qanday polemikaga kirish niyatim yo‘q”.

Karimova so‘zini rus maqoli bilan yakunlab: “Tinch turgan baloni qo‘zg‘atma”, deya qo‘shib qo‘ygan.

Shunday qilib, Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konidagi portlashdan so‘ng, hududdan reportaj tayyorlab, tarmoqlarda aytilganidek, gaz hidi yo‘qligini aytib chiqqani uchun uzoq vaqt tanqidlar ostida bo‘lgan Sherzodxon Qudratxo‘ja yana bir bor negativlar yomg‘iri ostida qolmoqda.

Qisqa qilib aytganda, fikrlar to‘qnashuvi – har qanday jamiyat va davrda sodir bo‘ladigan hodisa. Shunday bo‘lishi ham kerak, aslida! Kimning qaysi fikriga qo‘shilishni esa odamlarning o‘zi hal qiladi. Hamma gap – adekvatlik bilan yondashuv va toqatlilik bilan munosabat bildirishda! Xo‘sh, siz qaysi tomon iddaosiga qo‘shilasiz? Fikringizni izohlarda yozib keting.


Maqola muallifi

Teglar

Islom Karimov Lola Karimova Sherzodxon Qudratxo'ja

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing