Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘ydi
Jamiyat
−
13:44 2766 1 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 yanvar kuni Toshkent shahrida Birinchi Prezident Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xotirlash marosimida O‘zbekistonning mustaqil davlat sifatida shakllanishi, davlatchilik asoslarining barpo etilishida Birinchi Prezident Islom Karimovning xizmatlari beqiyos ekani chuqur hurmat va e’tirof bilan yodga olinishi ta’kidlangan.
Marosim davomida Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qilgan. Birinchi Prezidentning vatan manfaatlari yo‘lidagi faoliyati, insoniy fazilatlari yodga olingan.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan marosimda Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi va hukumat vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etgan.
Shuningdek, Birinchi Prezidentning Samarqand va Qarshi shaharlaridagi haykallari poyiga ham gullar qo‘yilib, xotirasiga ehtirom ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va e’tibori bilan Birinchi Prezidentning xotirasi abadiylashtirilgan, Samarqandda uning maqbarasi barpo etilgan. Islom Karimov tavallud topgan 30 yanvar sanasini nishonlash an’anaga aylangan.
Live
Barchasi