Forma sabab darsga kiritilmagan talaba aslida kechikib kelgan – Sherzodxon Qudratxo‘ja (video)
Jamiyat
−
17 fevral 5499 2 daqiqa
Kecha, 16 fevral kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida (O‘zJOKU) forma kiymagan va darsga kech qolgan o‘nlab talabalar mashg‘ulotlarga kiritilmagani haqida xabarlar tarqalgandi.
Universitet talabasi Bahodir Eliboyev e’lon qilgan videoda O‘zJOKUning birinchi bosqich magistranti Akmal Yo‘ldoshev galstuk taqmagani uchun darsga kiritilmagani aytilgan. Shuningdek, videoda bunday holatlar kredit to‘lashga sabab bo‘lib, talabalar uchun qo‘shimcha xarajatlarga olib kelayotgani ta’kidlangan.
Bugun, 17 fevral kuni mazkur holat yuzasidan O‘zJOKU rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, talabalar galstuk taqmagani uchun emas, balki darsga kechikib kelgani sababli mashg‘ulotlarga kiritilmagan.
“E’tibor bering, soat 5:30–6:00 da professor-o‘qituvchilarimiz, ko‘pi ayollar, bolasini maktabga olib borib, qaynona-qaynotasining xizmatini qilib, jamoat transportida universitetga 8:00–8:15 ga kelishadi. Talaba esa qo‘lida suv, “xot-dog” yoki “gamburger” bilan 8:30 da keladi. Uyida nonushta qilishga ulgurmaydi”, degan rektor.
Qudratxo‘ja ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan tanqidiy fikrlarga ham munosabat bildirib, oliy ta’lim jarayoniga tashqi aralashuv masalasini ko‘targan.
“Birinchidan, oliy ta’limga o‘zi kimning haqqi bor aralashishga? degan savol qo‘yaman. Bir zargar odam uzuk tayyorlasa, hech kim unga aqllilik qilolmaydi. Kulolga ko‘za yasashni ham hech kim o‘rgatmaydi. Biroq bugun bizda hokimlarga, rektorlarga maslahat beradiganlar ko‘p. Mayli, men hozir bu to‘g‘risida gapirmoqchi emasman”, deya ta’kidlagan u.
Shuningdek, rektor universitetda odob-axloq kodeksi mavjudligini, har yili professor-o‘qituvchilar, xodimlar, talabalar va doktorantlar ushbu talablar bilan tanishib, o‘z ixtiyori bilan shartnoma imzolashini qayd etgan.
“Agar universitet kimgadir bosim qilayotgan, talabaning ta’lim olishiga halaqit berayotgan bo‘lsa, o‘qimasin. Lekin men yana bir marta aytaman: O‘zJOKU universiteti talabalar uchun liberal va erkin”, degan Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Muhokamalardan so‘ng, bugun, 17 fevral kuni Akmal Yo‘ldoshev o‘zining Facebook sahifasida formada tushgan rasmini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda barcha universitet va institut talabalari uchun yagona talaba formasi joriy etilishi haqidagi xabarlar yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirgandi.
Live
Barchasi