Talabalarga majburiy forma joriy etiladimi?
Jamiyat
−
17 may 7493 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda barcha universitet va institut talabalari uchun yagona talaba formasi joriy etilishi haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, tarqalgan xabarga, ya’ni majburiy formaga asos qilib Vazirlar Mahkamasining muhokamadagi qaror loyihasi keltirilgan. U ilova qilingan “Oliy ta’lim tashkiloti brendini yaratish to‘g‘risida”gi nizom bo‘lib, mazkur nizom har bir oliy ta’lim tashkilotining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi brend va imij konsepsiyasini shakllantirishga xizmat qilishi nazarda tutilgan. Vazirlikka ko‘ra, nizom loyihasida talabalar uchun yagona forma joriy etilishi yoki majburiy tartibda talab etilishiga doir hech qanday norma mavjud emas.
“Aksincha, oliy ta’lim muassasalari o‘zining tarixi, vazifasi, madaniy qadriyatlari va hududiy xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, o‘ziga xos korporativ uslub va ramzlarini ishlab chiqish huquqiga ega. Bunga ta’lim tashkilotlarining individual imidjini shakllantirishga qaratilgan tashabbus sifatida qaralishi lozim. Shu bilan birga, estetik, gigiyenik yoki tashqi ko‘rinishga oid tavsiyalar faqat ixtiyoriy xarakterga ega bo‘lib, ularni joriy etish yoki qo‘llashning amaliy jihatlari har bir ta’lim muassasasining ichki qarorlariga bog‘liq”, deyiladi xabarda.
Umumiy olganda, mazkur nizom loyihasida maxsus forma joriy etish yoki uni majburiy tartibda talab qilish umuman nazarda tutilmagan.
Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, korporativ uslub va brend elementlarini (logotip, rang sxemasi) shakllantirish tashabbusi universitetlarni nafaqat mahalliy, balki xalqaro maydonda ham samarali targ‘ib etish, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Oliy ta’lim tashkilotlarida har bir talabaning shaxs sifatidagi erkinligi va huquqlari Konstitutsiya va amaldagi qonunchilikka muvofiq himoya qilinadi. Vazirlik barcha axborot manbalarini mas’uliyat bilan yoritishga chaqiradi va rasmiy ma’lumotlarga tayanib harakat qilishni tavsiya etadi”, deyiladi xabarda.
Live
Barchasi