Do‘stlikning yangi davri
Tahlil
−
24 yanvar 4613 10 daqiqa
So‘nggi yillarda jahon sahnasida O‘zbekiston Respublikasining tez-tez eslanishi odatiy holga aylandi. Markaziy Osiyoning yetakchi davlatlaridan biri sifatida e’tirof etilayotgan O‘zbekiston, xalqaro doirada o‘ziga xos mustaqil tashqi siyosat yurituvchi, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlovchi va ishonchli hamkor sifatida mustahkam o‘rin egalladi. 38 million aholi – shubhasiz, katta bozor degani. Shu sababdan ham dunyoning eng qudratli davlatlaridan tortib, yirik transmilliy tashkilotlarigacha bari ushbu bozorga kirish payiga tushgan.
Shu jumladan, dunyoning eng yirik iqtisodiga ega bo‘lgan AQSHning O‘zbekiston bilan so‘nggi yillarda olib borayotgan faol aloqalari, albatta, e’tirofga loyiq. O‘zbekistonning so‘nggi vaqtlarda xalqaro maydonda olib borayotgan mohirona tashqi siyosati bugun uning eng nufuzli doiralarda ham doimiy ishtirokchisiga aylantirdi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. AQSH bilan yaqinlashuv esa O‘zbekiston uchun har tomonlama manfaatli. Bunday katta siyosiy o‘yinda qudratli do‘stlarning bo‘lishi benihoyat muhimdir.
Harxolda endi O‘zbekiston qudratli kuch markazlari orasida ko‘rinmas o‘yinchi bo‘lib qolayotgani yo‘q. 22 yanvarda Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan AQSH rahbari boshchiligida tuzilgan yangi xalqaro tashkilotning birinchi tashkiliy sammitiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’sischi a’zo sifatida taklif etilgani ham mamlakatning xalqaro sahnada yetakchi pozitsiyani egallayotganidan darak beradi. Donald Tramp boshchiligidagi Oq uy ma’muriyatining Markaziy Osiyo bilan qiziqishi va mintaqaga integratsiya qilish yo‘lida “vositachi” sifatida O‘zbekiston tanlanilayotgani bildirilgan alohida ishonch va do‘stlik ramzidir.
Munosabatlar tarixi
Sovet Ittifoqining parchalanishidan manfaatdor bo‘lgan AQSH hukumati O‘zbekiston mustaqilligini eng birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan edi. 1991 yil 25 dekabrda Amerika Qo‘shma Shtatlarining 41-prezidenti Katta Jorj Bush boshchiligidagi ma’muriyat O‘zbekistonning mustaqilligini rasman tan oldi va 1992 yil mart oyida Toshkentda AQSH elchixonasini ochdi. Aynan shu davrdan boshlab yo‘lga qo‘yilgan AQSH-O‘zbekiston munosabatlari asta-sekin rivojlana boshlagan.
Ammo birinchi hukumat davridagi yopiq siyosat va AQSHda avj olgan islomofobiya oqibatida aloqalar unchalik ham yaxshi emasdi. Faqatgina 2001 yil 11 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Nyu-York terakti va undan keyingi Afg‘onistonga yo‘naltirilgan Vashingtonning bosimlari AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida keng doirada yaqinlashuvning boshlanishiga olib kelgan edi. Biroq, 2003-2005 yillarda postsovet respublikalari – Gruziya, Ukraina va Qirg‘izistonda sodir bo‘lgan “rangli inqiloblar”dan so‘ng munosabatlar sezilarli darajada sovuqlashdi hamda O‘zbekistonda AQSH va boshqa xorijiy tashkilotlarning ta’sirini cheklashga qaratilgan harakatlar boshlandi.
Shunday bo‘lishiga qaramay Birinchi Prezident Islom Karimov davrida ham AQSH va O‘zbekiston o‘rtasida ko‘plab iqtisodiy hamkorlik tarmoqlari shakllandi va rivoj topdi.
.jpg)
Jumladan, Karimovning 1996 yil iyun oyida AQSHga qilgan tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga ko‘maklashgan muhim voqea bo‘ldi. Tashrif chog‘ida ikki tomonlama hujjatlar majmui imzolanib, Buxoro viloyatidagi gaz konlarini o‘zlashtirish loyihasini mablag‘ bilan ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan “Nyumont-Mayning” va “Mitsui” korporatsiyalari o‘rtasida “Qizilolmasoy” va “Ko‘chbuloq” ruda konlarini birga o‘zlashtirish borasida bir qator kelishuvlar amalga oshirilgan edi.
1999 yilda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi tovar aylanmasi 282 mln AQSH dollarini tashkil etgan edi. O‘zbekiston AQSHdan bug‘doy, xalq iste’mol mollari, asbob-uskunalar sotib oladi. Eksport esa asosan paxta tolasidan iborat edi. AQSHdagi turli firma va kompaniyalarning O‘zbekiston bilan muvaffaqiyatli hamkorligi, delegatsiyalar almashuvi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga imkon berdi. Qo‘shma loyihalar qatoridan, “Nyumont-Mayning” kompaniyasi tomonidan Zarafshon shahri yaqinidagi oltin ruda konidan foydalanish ham joy olgan bo‘lib, “Zarafshon Newmount” O‘zbekiston–Amerika qo‘shma korxonasi Qizilqum cho‘lida qisqa muddatda zamonaviy korxona barpo etdi. Shunga qaramay, 2000 yillardan so‘ng tomonlar o‘rtasida uzoqlashuv iqtisodiy aloqalarga ham salbiy ta’sir etdi.
.jpg)
Do‘stlikning yangi davri
2016 yilning so‘ngida hokimiyatga Shavkat Mirziyoyevning kelishi ortidan boshlangan islohotlar, O‘zbekistonning jahonga ochilishi va xalqaro doiralarda tanqidlarga sabab bo‘layotgan majburiy mehnatning tugatilishi nafaqat AQSH, balki butun dunyo bilan keng ko‘lamda hamkorlik ishlarini boshlashi uchun zamin yaratdi. Munosabatlardagi ijobiy tendensiyalar, birinchi navbatda, O‘zbekiston ichki siyosatining o‘zgarishi va Toshkentning pragmatik mintaqaviy tashqi siyosati bilan bog‘liq edi. Natijada diplomatik aloqalar zichligi sezilarli darajada oshdi: Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqot muntazamlashdi va bu tizimli hamkorlikni rivojlantirishga yordam berdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston nafaqat ichki islohotlar, balki diplomatik tashriflar orqali ham mamlakatni liberallashtirishga tayyorligini ko‘rsata oldi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oq uyga ilk tashrifi 2018 yil 16 may kunida amalga oshirildi. Bu O‘zbekiston Prezidentining 16 yillik tanaffusdan so‘ng AQSHga amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi edi. Donald Tramp bilan uchrashuv chinakamiga “Yangi strategik sheriklik davri” boshlanganini anglatuvchi tarixiy voqea bo‘ldi. Tashrif davomida umumiy qiymati 4,8 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan shartnomalar paketi imzolanib, energetika, transport va qishloq xo‘jaligi sohasidagi kelishuvlar amalga oshirildi.
2020 yillardan boshlab munosabatlar ko‘p darajali tuzilmaga aylana boshladi. 2021 yil 13 dekabrda siyosiy maslahatlashuvlar formati iqtisodiyot, xavfsizlik va ekologiyani qamrab oluvchi “O‘zbekiston–AQSH strategik sheriklik muloqoti”ga aylantirildi. Uning birinchi yig‘ilishi Toshkentda o‘tkazilib, keng qamrovli hamkorlikka asos solindi. Yig‘ilish davomida, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayoni, Amerika investitsiyalarini jalb qilish va savdo aloqalarini diversifikatsiya qilish muhokama qilindi. Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, majburiy mehnatga barham berish, diniy erkinlikni ta’minlash va so‘z erkinligini qo‘llab-quvvatlash borasidagi yutuqlar e’tirof etildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va madaniy merosni saqlash sohasidagi hamkorlik, xususan, O‘zbekistonda ingliz tili o‘qitilishini kengaytirish masalasi alohida ta’kidlandi.
Shu o‘rinda Markaziy Osiyoni AQSH bilan bog‘lovchi C5+1 formatining ahamiyatini ham alohida ta’kidlash lozim. AQSH uchun C5+1’ning ahamiyati Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy ta’sirini cheklash orqali, o‘z manfaatlarini amalga oshirish bo‘lsa, Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy va global muammolarni dunyoning eng yirik iqtisodiga ega davlat bilan birgalikda hal etish, o‘zaro integratsiyalashuv va iliq munosabatlar orqali qo‘llovga erishishdir. Shu ma’noda ushbu sammit har ikki tomon uchun birdek muhim.
.jpg)
2015 yildan buyon vazirlar miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan yig‘ilishlar 2023 yilga kelib davlat rahbarlari o‘rtasida o‘tkaziladigan, ta’siri va muhokama mavzulari kengaygan yangi an’anaviy sammitga aylantirildi. 2023 yil 19 sentyabr kuni Nyu-Yorkda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan S5+1 sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov va AQSHning o‘sha paytdagi yetakchisi Jo Bayden ishtirok etgan edi. Unda AQSH–Markaziy Osiyo strategik sherikligini rivojlantirish, savdo-iqtisodiy imkoniyatlar sohasidagi hamkorlik, ularning siyosiy muloqotini kengaytirish, AQSH sarmoyasi, Yashil rivojlanish, mintaqaviy xavfsizlik, transchegaraviy jinoyatchilik va gumanitar mavzular muhokama qilingan edi. Ammo bir narsani ta’kidlab o‘tish joizki, ushbu sammitlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyoga yordam berish emas, uning hududida “anti-Amerika” kuchlarining ta’sirini cheklash va AQSH manfaatlariga og‘adigan kelishuvlarga erishish edi.
2024 yil 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov va AQSH Davlat kotibining Janubiy Markaziy va Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu Vashingtonda O‘zbekiston va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi to‘rtinchi yillik Strategik sheriklik muloqotiga (SPD) rahbarlik qilishdi. Muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik formatini “Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti” darajasiga ko‘tarish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishildi.
Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti (Enhancyed Strategic Partnership Dialogue — ESPD) — bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning oddiy diplomatiyadan ko‘ra ancha yuqori, ishonchli va keng ko‘lamli bosqichga o‘tganini anglatuvchi rasmiy maqomdir. Bu bir vaqtning o‘zida, AQSH va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini texnik hamda siyosiy jihatdan to‘liq qo‘llab-quvvatlashini, AQSH hukumati o‘zining yirik korporatsiyalariga (masalan, Boeing, GE, Air Products) O‘zbekiston bozoriga kirish uchun davlat kafolatlarini taqdim etishini hamda o‘zaro muddatli vizasiz rejimning joriy etilishi kabi qator imtiyozli aloqalarni yo‘lga qo‘yilishini anglatadi.
2025 yilda AQSH va O‘zbekiston munosabatlari o‘tgan barcha yilga nisbatan ham anchayin samarali va sermahsul bo‘ldi desak adashmagan bo‘lamiz. Avvaliga, 21 fevralda AQSH davlat kotibi Marko Rubio O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashib, tomonlar o‘rtasidagi avvalgi kelishuvlarga sodiqlik, resurslar va Afg‘oniston masalasida yana bir bor muzokaralar olib borilgan edi.
23 sentyabrda BMT bosh assambliyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida Mirziyoyev va Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv ikki davlat munosabatlarida “tarixiy burilish” sifatida baholandi. Ikki davlat rahbari o‘rtasida ko‘plab mavzular muhokama qilindi va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tramp tomonidan yuksak e’tirof etildi. AQSH korxonalaridan qilingan xaridlar va shartnomalar Oq uy rabariga xush yoqib, O‘zbekiston va Prezident Mirziyoyev haqida qator iliq fikrlarni bildirib o‘tgandi.
“Shu oy boshida men O‘zbekiston Prezidenti Hurmatli Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatlashgan edim. Bugun men Prezident Mirziyoyevni "Boeing" bilan ulkan bitim imzolangani bilan tabriklayman! “Uzbekistan Airways” 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ evaziga 22 ta "787 Dreamliner" samolyotini xarid qiladi. Bu Qo‘shma Shtatlarda 35 000 dan ortiq ish o‘rinlarini yaratadi. Prezident Mirziyoyev – bir so‘zli inson va biz boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashda davom etamiz! Bu masalaga e’tiboringiz uchun tashakkur”, degan Tramp.

2025 yilda bo‘lib o‘tgan navbatdagi C5+1 sammiti ham mazkur yildagi eng muhim siyosiy voqealardan biri bo‘ldi. 6 noyabr kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 formatining 10 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida ikki tomon muhim minerallardan foydalanish, AQSH va O‘zbekiston savdo tarmoqlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdilar.
2025 yil yakunida Tramp va Mirziyoyev o‘rtasida bo‘lgan telefon suhbati va unda O‘zbekistonning kelgusida Mayamida bo‘lib o‘tuvchi G20 sammitiga taklif qilinishi ham shubhasiz uning xalqaro doiralarda, xususan, AQSH ko‘z o‘ngidagi obrazi o‘zgarganidan dalolatdir. Endi O‘zbekiston dunyo uchun yaqin iqtisodiy va strategik hamkordir.
Yangi 2026 yil ham O‘zbekiston tashqi siyosati uchun muvaffaqiyatli boshlandi. G‘azo masalasidagi muammolarni hal qilish uchun tashkil etilishi ko‘zda tutilgan, lekin keyinchalik yirik xalqaro tashkilot sifatida ko‘rila boshlangan Tinchlik kengashiga ta’sischi a’zo sifatida taklif etilishi, O‘zbekistonning jahon sahnasida o‘z “vazniga” ega bo‘lib borayotganidan dalolatdir. Biroq, hali O‘zbekistonning yangi tashkilot bilan kelgusidagi munosabatlari noma’lumligicha qolmoqda. Doimiy a’zo bo‘lish uchun to‘lanishi zarur bo‘lgan 1 mlrd AQSH dollari miqdoridagi badal to‘lov haqida hali og‘iz ochilmadi. Tushunarliki, bu yangi tuzilma o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarni qay darajada uddalay oladi shunga bog‘liq. Aynan O‘zbekistonning tashqi siyosatiga xos bo‘lgan sabrlilik va “Yetti o‘lchab, bir kes” maqolining amaliy tatbiq etilishi ham maqtovga arzigulik.
.jpg)
Iqtisodiy sohada ham O‘zbekistonning yaqin do‘stlari safiga AQSH allaqachon kirib kelib ulgurdi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil yanvar-dekabr oylarida respublikaning tashqi savdo aylanmasi (TSA) 81,2 mlrd AQSH dollariga yetdi. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan 13928,4 mln AQSH dollariga yoki 20,7 % ga ko‘p deganidir. AQSH bilan savdo aylanmasi umumiy miqdori qariyb 1,2 mlrd dollar bo‘lib, taxminan 900 mln dollar miqdorida mahsulot import qilingan bo‘lsa, 300 mln dollar summali tovarlar AQSHga eksport qilingan.
Xullas, AQSH–O‘zbekiston aloqalari yil sayin tobora yaxshilanib bormoqda. Ham iqtisodiy, ham siyosiy yaqinlashuv AQSH uchun Markaziy Osiyoda o‘z ta’sirini saqlab qolish uchun zarur bo‘lsa, O‘zbekiston uchun katta qo‘llov orqali jahon sahnasiga chiqish deganidir.