Melitopol merini o‘g‘irlash demokratiyaga qarshi jinoyatdir – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rossiyalik harbiylar tomonidan Ukrainaning Melitopol shahri merining o‘g‘irlanishini “demokratiyaga qarshi jinoyat” deb atadi. 

“Melitopol merining o‘g‘irlanishi nafaqat shahar va Ukraina xalqiga, balki demokratiyaga qarshi jinoyatdir. Sizni ishontirib aytamanki, bu haqda barcha demokratik mamlakatlardagi 100 foiz odamlar bilib oladi”, deyiladi davlat rahbari Telegram’dagi xabarida. 

Ukraina Prezidenti Rossiya Qurolli kuchlari harakatlari va ISHID terrorchilarining jinoyatlari o‘rtasida o‘xshashliklarni keltirib o‘tgan. 

“Butun Ukraina Melitopolning Xerson, Berdyansk va boshqa shaharlar kabi bosqinchilarga bo‘ysunmaganini ko‘rdi”, deydi Ukraina rahbari. 

Zelenskiy Ukraina tinch aholisini xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilish masalasiga ham to‘xtaldi. 

Davlat rahbari Rossiya qo‘shinlari gumanitar yo‘laklar ishiga to‘sqinlik qilayotganini ta’kidladi. 

Eslatib o‘tamiz, Ukraina Prezidenti devoni rahbari o‘rinbosari Kirilo Timoshenkoning Telegram sahifasi orqali bildirishicha, Kiyev Hukumati Melitopol meri Ivan Fedorov rus harbiylari tomonidan o‘g‘irlangani haqida aniq ma’lumotlarga ega. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

18

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing