Medvedev Ukrainaga qo‘yilgan “ultimatum”lar hali “holva” ekanini aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya Federatsiyasining Ukraina bo‘yicha hozirgi muzokara pozitsiyasi Kiyev rejimini butunlay taslim qilish bo‘yicha kelajakdagi talablar oldida “bolalar uchun chigilyozdi mashqi”dan boshqa narsa emas. Bu haqda bugun, 12 sentyabr kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘zining Telegram’dagi kanalida ma’lum qildi.

U Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ultimatum qo‘yganlar bilan muloqot o‘tkazishdan bosh tortganiga e’tibor qaratgan.

“Hozirgi “ultimatumlar” kelajakdagi talablar oldidan bolalar chigalyozdisi. Va u buni biladi: Rossiya shartlariga ko‘ra Kiyev rejimining to‘liq taslim bo‘lishi”, deb ogohlantirgan Medvedev.

Avvalroq Zelenskiy CNN telekanaliga bergan intervyusida hozir Moskva bilan muzokaraga tayyor emasligini aytgandi.

“Bu mening prinsipim, men ultimatum qo‘yganlar bilan gaplashmayman”, degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi konstruktiv tarzda muzokaralar olib borish istagida emas. Zelenskiy “oxirigacha kurashadimi” degan savolga ham ijobiy javob berdi va ikki davlat o‘rtasida kelishuv Rossiya Ukraina hududini tark etganidan keyin tuzilishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, 10 sentyabr kuni kechga borib Prezident Zelenskiy oy boshidan beri Ukraina Qurolli Kuchlari mamlakatning Rossiya bosqini ostida qolayotgan 2000 kilometrga yaqin qismini ozod qilganini aytgandi. Keyinroq Xarkov viloyatidagi Vasilenkovo va Artemovka aholi punktlari rus bosqinchilaridan tozalangani aytildi

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

34

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing