Medvedev AQSHning Ukrainaga $40 mlrd berishdan asl maqsadi nima ekanini aytdi

Olam

image
0:00
0:00
download

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning iqtisodiy rivojlanishini va uning dunyodagi siyosiy ta’sirini cheklay olmaydi, “ularning bosmaxonasi tezroq buziladi”. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgan.

Siyosatchining aniqlik kiritishicha, avvalroq Vashington Kiyevga 40 milliard dollarlik yordam paketi ajratishni ma’qullagan. Medvedev bundan asl maqsad “Rossiyaga qarshi proksi urushni davom ettirish”, shuningdek, Moskvani og‘ir mag‘lubiyatga uchratish, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi va dunyodagi siyosiy ta’sirini chegaralash deb atagan.

Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari bu “ish bermasligini” ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH “allaqachon oshirib yuborilgan” davlat qarzini yanada ko‘paytirish sabab “ularning bosmaxonasi tezroq buziladi”. Siyosatchi, shuningdek, AQSHda benzin va oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshganini eslatgan, buning uchun, uning so‘zlariga ko‘ra, amerikaliklar “rusofob hokimiyat”ga minnatdorlik bildirishlari kerak.

“Ammo [Rossiya Federatsiyasining “maxsus operatsiyasi” maqsadlariga erishiladi”, deya xulosa qilgan Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari.

Bayden avvalroq AQSH Kongressiga Ukrainaga yordam uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratish so‘rovini yuborgan edi. Ayni paytda Amerika rahbari dastlab 33 milliard dollar so‘ragan. Keyinroq Kongressda bu miqdor qariyb 40 milliard dollarga yetkazilgan.Xususan, harbiy texnika, oziq-ovqat yordami uchun bundan ham ko‘proq mablag‘ ajratish taklif qilingan.

Kecha, 10 may kuni AQSH Kongressining Vakillar palatasi esa Ukrainaga qariyb 40 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha yordam ajratish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qullagan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

74

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing