Matviyenko Rossiya-Ukraina urushi tugagandan keyin dunyo qanday bo‘lishini ochiqladi

Olam

image

Rossiyada Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiyada” g‘alaba qozonish uchun yetarli resurslar bor. Bu haqda bugun, 1 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi kengashi spikeri Valentina Matviyenko kengash veb-saytidagi blogida e’lon qilingan maqolasida yozgan. 

“Shubhasiz, bizda g‘alaba qozonish uchun yetarli resurslar – nafaqat moddiy resurslar, balki intellektual, ma’naviy resurslar ham bor. Mana, olti oy o‘tib, mamlakatimiz boshiga kelayotgan tahdidlar qanchalik katta ekani ayon bo‘ldi. “Maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazish qarori o‘z vaqtida qabul qilingan ekan", deydi siyosatchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jang maydonida rus harbiylari nafaqat Ukraina Qurolli kuchlari, natsist batalonlari, balki G‘arb, NATO bilan ham to‘qnash kelmoqda.

"Operatsiya natijalari nafaqat mamlakatimizning yaxlit, suveren hamda kuchli davlat ekanini, balki u tugaganidan keyin dunyo qanday bo‘lishini ham belgilaydi. Yoki davlatlar o‘rtasida tenglik, hamkorlik, xalqaro munosabatlarda adolat bo‘ladi, yoki AQSH va uning ittifoqchilari o‘zlarining global gegemonligini o‘rnatadi”, deya qo‘shimcha qilgan Matviyenko.

Federatsiya kengashi spikeriga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari eng zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlangan va rossiyalik harbiy xizmatchilar insonparvarlik ruhida harakat qilmoqda. 

"Ular tinch aholidan tirik qalqon sifatida foydalanmaydi, shahar bloklarini o‘qqa tutmaydi, ijtimoiy va kommunal infratuzilmani vayron qilmaydi. Ular harbiy asirlarga qarshi qatag‘on bilan qoralangani yo‘q", deydi u.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

99

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing