Mas’uliyatsiz va xavfli harakat. Rossiya Ukrainaga qurol berilayotganidan yana nolidi
Olam
−
23 mart 2022
11653Ukrainaga qurol yetkazib berish va xorijiy yollanma askarlarni yuborish o‘ta xavfli qadam bo‘lib, Yevropa va jahon xavfsizligiga bevosita tahdid soladi. Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov shunday fikr bildirdi.
“Kiyev rejimini qurol-yarog‘ bilan kuchaytirish va xorijlik yollanma askarlarni Ukraina hududiga tashlash mas’uliyatsizlik va o‘ta xavflidir. Ukrainaning harbiylashuvi Yevropa va jahon xavfsizligiga bevosita tahdid soladi”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan elchixona matbuot xizmati.
Antonovning ta’kidlashicha, G‘arb tomonidan Kiyevga yetkazib beriladigan qurollarning katta qismi qaroqchilar, natsistlar, terrorchilar va jinoyatchilar qo‘lida bo‘lib, butun dunyodan Yevropaga kelgan bezorilar Ukrainada jangovar tajriba orttirib, keyinchalik undan istalgan joyda foydalanishi mumkin.
Rossiya diplomatik missiyasi rahbari, shuningdek, NATO mamlakatlariga Qo‘shma Shtatlar “1980-yillarda butun Yaqin va O‘rta Sharqda afg‘on mujohidlariga berilgan ko‘chma havo mudofaa tizimlari o‘nlab yillar davomida yig‘ishtirib kelinayotganini” eslatib o‘tgan.
“Biz Kiyev rejimi homiylarini Ukrainada qon to‘kilishini rag‘batlantirishni to‘xtatishga va ularning faoliyati oqibatlari haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga chaqiramiz”, deya xulosa qilgan Antonov.
AQSH Prezidenti Jo Bayden o‘tgan hafta Oq uyda Vashingtonning Kiyevga harbiy yordami haqida qisqacha gapirar ekan, uning mamlakati Ukrainaga qo‘shimcha qurollar, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari, dronlar, tankga qarshi tizimlar, o‘q-dorilar yetkazish niyatida ekanini aytgandi. U, shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga qo‘shimcha 800 million dollarlik harbiy yordam ajratishini, shu tariqa uning umumiy hajmi bir hafta ichida 1 milliard dollarga yetganini urg‘ulagan.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yevropa davlatlari va AQSH Ukrainaga qurol yetkazib berayotganiga norozilik bildirgandi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi