Mariupoldagi binolarning 95 foizi vayron qilindi – Zelenskiy
Olam
−
15 aprel 2022
7290Rus bosqinchilari Mariupoldagi binolarning 95 foizini vayron qildi va ko‘plab aholi Rossiyaga surgun qilindi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy BBC’ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Mariupolda barcha binolarning 95 foizi vayron bo‘ldi! U nafaqat Ukrainaning, balki Yevropaning eng yirik shaharlaridan biri. 500 ming aholi. 500 ming kishi! Ulardan qanchasi o‘ldirilgan — hech kim bilmaydi. Qancha odam qolganini hech kim bilmaydi”, degan Zelenskiy.
Prezidentga ko‘ra, Mariupoldan “o‘nlab, yuz minglab odamlar” evakuatsiya qilingan bo‘lishi mumkin, biroq ayni paytda ukrainaliklar “Mariupolda o‘n minglab odamlar halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini” tushunadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina bosib olingan hududga borib, keyin Rossiyaga olib ketilgan odamlarning taqdiri haqida hech narsa bilmaydi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, gap o‘n minglab odamlar haqida ketmoqda — ularning hujjatlari o‘zgartirilgan, ba’zilariga Rossiya pasportlari berilgan, ular Rossiyaning chekka hududlariga, ba’zilari lagerlarga, ba’zilari boshqa joylarga olib ketilgan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi