Maksim Galkin Indoneziyaga kiritilmadi
Olam
−
27 yanvar
17029Rossiyalik yumorist va boshlovchi Maksim Galkin o‘zining Instagram'dagi sahifasida bugun, 27 yanvar kuni Indoneziyada konsert berishi kerakligini, biroq mamlakatga kiritilmaganini aytdi.
Uning ma’lum qilishicha, bu holat Rossiya so‘rovi bilan amalga oshirilgan.
“Sababi deyarli darhol aytib o‘tildi va chegara xizmati xodimlari tomonidan bir necha bor takrorlandi. Ya’ni, Rossiya hukumatidan meni Baliga kiritmaslikni so‘rab xat yuborilgan. Xat menga ko‘rsatildi, undan nusxa so‘raganimda, xushmuomalalik bilan rad etishdi”, deydi qiziqchi.
Safardan ikki kun oldin unga ish vizasi berilgan, spektakl uchun barcha hujjatlar joyida bo‘lgan. Galkin buni Indoneziya hukumatining rasmiy pozitsiyasi deb baholashni kulgili deb atadi.
“Chunki ular meni shunchaki tanimaydilar. Ular uchun bir noma’lum artistning muammolarini tushunishdan ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining so‘rovini qondirish osonroq”, deya qo‘shimcha qilgan yumorist.
Ma’lumot uchun, 2023 yil oktyabr oyida Galkinning "texnik sabablarga ko‘ra" Qozog‘istondagi ikkita konserti, 2024 yil yanvar oyi o‘rtalarida esa Tailanddagi chiqishlari bekor qilingandi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Galkin bir necha bor urushga qarshi chiqqan va rafiqasi Alla Pugachyova bilan birga Isroilga ko‘chib o‘tgandi. 2023 yilning oktyabr oyida u yerni ham tark etdi. 2022 yil sentyabr oyida Rossiya Adliya vazirligi Galkinni "xorijiy agent" deb e’lon qildi.