Makron Rossiya va Ukrainadan MAGATE missiyasi uchun kafolat olganini aytdi
Olam
−
26 avgust 2022
4666Fransiya Rossiya va Ukrainadan MAGATE ekspertlarining Zaporoje AESga bo‘lajak missiyasi uchun xavfsizlik kafolatlarini oldi. Bu haqda bugun, 26 avgust kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Jazoirga tashrifi chog‘ida jurnalistlar savollariga javob berish asnosida, ma’lum qildi.
“Biz Ukraina va Rossiyadan stansiyani himoya qilishga yordam beradigan yaqinlashib kelayotgan mustaqil missiya uchun xavfsizlik kafolatlarini oldik”, deydi Makron.
Prezident “atom elektr stansiyasi xavfsizligidan jiddiy tashvishlanayotganini” tan olgan va “mart oyidan beri u MAGATE rahbari Rafael Grossi bilan xavfsizlik masalalari bo‘yicha avval Chernobil, keyin esa Zaporoje AES bo‘yicha aloqada ekanini aytgan.
Makron, shuningdek, “bu masala bo‘yicha Rossiya va Ukraina Prezidentlari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiy bilan ko‘p muloqotda bo‘lganini” ta’kidlagan.
“Harbiy harakatlar atom elektr stansiyasi xavfsizligiga daxl qilmasligi kerak. Fuqarolik energetikasi harbiy qurolga aylanmasligi kerak”, deydi Fransiya Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “stansiya to‘liq himoyalangan bo‘lishi kerak va bu yaqin orada hududga boradigan MAGATE ekspertlari missiyasining vazifasidir”.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya mart oyi boshida ZAESni egallab oldi, shundan keyin ukrainalik xodimlar stansiyada ishlashda davom etdi. 5 avgust kuni ukrain matbuoti ruslar ZAESga to‘rt marta o‘q uzgani haqida xabar berdi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.
Ukraina Energetika vazirining maslahatchisi Lana Zerkalning ma’lum qilishicha, Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) missiyasi kelasi hafta Zaporoje AESga boradi.
Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi