Makron Putin bilan Mariupoldan odamlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha gaplashib olmoqchi
Olam
−
29 mart 2022
5243Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bugun, 29 mart kuni Parij vaqti bilan soat 16:30 da (Toshkent vaqti bilan 19:30) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga telefon qilmoqchi. Bu haqda Yelisey saroyiga tayanib xabar berilgan.
“Telefon suhbati Parij vaqti bilan 16:30 da bo‘lib o‘tadi”, deyiladi xabarda.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Ann-Kler Lejandr ham Fransiya Prezidentining Putin bilan gaplashishi rejalari haqida ma’lum qilgan. Lejandrning aytishicha, bo‘lajak suhbat chog‘ida Makron Putin bilan Gretsiya va Turkiya ishtirokida Mariupoldan odamlarni evakuatsiya qilish bo‘yicha rejalashtirilgan gumanitar operatsiya tafsilotlarini muhokama qilishni kutmoqda.
Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov, o‘z navbatida, 29 mart kuni Vladimir Putin Emmanuel Makron bilan navbatdagi telefon suhbatini o‘tkazishni rejalashtirganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti joriy yilning 7 fevral kuni Moskvaga tashrif buyurib, Putin bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ertasi kuni Fransiya rahbari Kiyevga tashrif buyurdi. Moskvadagi muloqotdan so‘ng Makron va Putin muntazam ravishda telefon orqali muloqot qilib turadi. Avvalgi telefon suhbati 22 mart kuni bo‘lib o‘tgan.
Qayd etish kerakki, Rossiya harbiylari Mariupol shahrini mart boshidan beri qamal qilmoqda. Mariupolga ko‘plab raketalar tashlangan, buning oqibatida esa shahar deyarli to‘liq vayron bo‘lgan. Ukraina rasmiylari urushda eng ko‘p talafot aynan Mariupol chekiga tushganini aytmoqda.
Shaharda gumanitar vaziyat fojiali tus olgan. Rasmiylarga ko‘ra, 160 mingdan ortiq tinch aholi shiddatli jang ketayotgan Mariupolda qolmoqda.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi