Litva “Vagner” sabab Belarus bilan chegarasini butunlay yopishi mumkin
Olam
−
03 avgust 2023
4528Litva Prezidenti Gitanas Nauseda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Belarusda bo‘lib turgani uchun ushbu mamlakat bilan chegara butunlay yopilishini istisno qilmadi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Biz nafaqat milliy miqyosdagi chora-tadbirlar haqida gapirishimiz, balki vaziyat yanada yomonlashsa, nima qilish kerakligi, jumladan, Belarus bilan chegarani yopish algoritmlarini ham muhokama qilishimiz kerak. Lekin bu Polsha, Litva va Latviya o‘rtasida muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilishi kerak”, deydi u Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy bilan Suvalki tank polkiga qo‘shma tashrifdan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Avvalroq Polsha ham Belarusni to‘liq izolyatsiya qilish tashabbusini e’lon qilgan edi. Moravetskiyning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Belarusda 4 ming atrofida “Vagner” jangchilari bor.
Eslatib o‘tamiz, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy yuzdan ortiq “Vagner” askari Belarusni Rossiyaning Kaliningrad viloyati bilan ajratib turuvchi Suvalki yo‘lagiga – chegaraga joylashtirilganini aytgandi. Bosh vazir mazkur harakatni “bo‘lajak gibrid hujumga harakat” deb atagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “Vagner”chilar Belarus harbiylaridek kiyinishlari va bunday niqob ostida noqonuniy muhojirlarga Polshaga kirishga, shu orqali mamlakatdagi vaziyatni uning ichidan buzishga harakat qilishlari mumkin.
“Vagner”ning Belarusga ko‘chishi G‘arbda, xususan, Polshada xavotirlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bir necha kun oldin Belarus armiyasining maxsus operatsiyalar kuchlari bo‘linmalari Polsha chegarasi yaqinidagi “Brestskiy” poligonida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlari bilan mashg‘ulotlar ham o‘tkazdi. Joriy yilning 23 iyul kuni esa Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Putin bilan suhbatda go‘yoki, “Vagner” askarlari Polsha shaharlariga “sayohatga” borishga shoshilayotganini aytdi.
Ushbu holatda AQSH Davlat departamenti Lukashenkoning shamasiga javoban, Qo‘shma Shtatlar NATO hududining har bir qarichini himoya qilishiga va’da berdi. Amerika Urushni o‘rganish instituti esa “Vagner”da Ukraina yoki Polshaga tahdid solishga qodir bo‘lgan og‘ir qurollar yo‘qligi va shuning uchun ham hujum ehtimoli mavjud emasligini ma’lum qildi.
LiveBarchasi