Belarus “Vagner” bilan Polsha chegarasi yaqinida mashg‘ulot o‘tkazadi
Olam
−
20 iyul 2023
6639Belarus armiyasining maxsus operatsiyalar kuchlari bo‘linmalari Polsha chegarasi yaqinidagi “Brestskiy” poligonida “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi yollanma askarlari bilan mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Bu haqda Belarus Mudofaa vazirligi xabar berdi.
"Belarus Qurolli kuchlari “Vagner” jangchilari bilan qo‘shma mashg‘ulotlarni davom ettirmoqda. Bir hafta davomida maxsus operatsiyalar kuchlari bo‘linmalari kompaniya vakillari bilan birgalikda “Brestskiy” poligonida jangovar tayyorgarlik vazifalarini ishlab chiqadi”, deyiladi xabarda.
"Belaruski Gayun" monitoring guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, kecha, 19 iyul kuni kechqurun “Vagner”ning to‘qqizta kolonnasi Belarusga yetib kelgan. Kompaniyaning 2000-2500 yollanma askarlari mamlakatda.
“Vagner” qo‘mondonlar kengashi a’zosi Belarusga jami 10 000 ga yaqin yollanma askar kelishini aytgan.
Ma’lumot uchun, 23-24 iyun kunlari “Vagner” dagi qo‘zg‘olondan so‘ng, kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojin Belarusga ketishi e’lon qilingandi.
“Vagner” yollanma askarlariga uyga qaytish, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash yoki Prigojinga ergashish taklif qilindi. 14 iyul kuni Belarus Mudofaa vazirligi “Vagner”ning yollanma askarlari mamlakatga kelganini ma’lum qildi.
Prigojinning bir kunlik isyoni
Joriy yilning 24 iyun kuni “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Prigojin Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov “Vagner”ga topshirilishini talab qilib, Moskvaga borishini e’lon qildi. Bu orada Moskvada ham xavfsizlik choralari kuchaytirildi. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati esa Prigojinga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi.
Kechga borib Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiya Federatsiyasi Prezidenti bilan kelishilgan holda “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin bilan muzokara olib borgani ma’lum bo‘ldi. Muzokaralar yakunida Rossiya hududida qurolli harakatlarni to‘xtatish va keskinlikni yumshatish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Prigojin ham Moskvaga ketayotgan qo‘shinlari ortga qaytarilganini ma’lum qildi.