Shimoliy Koreya dengiz tomon ballistik raketa uchirdi

Olam

image

Kecha, 11 avgust kuni Shimoliy Koreya AQSH va Janubiy Koreyaning yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlanishiga bir necha kun qolganida Koreya yarimorolining sharqiy sohili yaqinidagi dengiz tomon ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Janubiy Koreya va Yaponiya mudofaa idoralari xabar qildi.

Qayd etilishicha, raketa qariyb 700 kilometr masofani bosib o‘tgan va Yaponiyaning maxsus iqtisodiy zonasidan tashqaridagi dengizga tushgan. Yaponiya Mudofaa vazirligi raketa maksimal 90 kilometr balandlikka ko‘tarilganini ma’lum qildi.

Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik boshqarmasi raketa uchirilishi ortidan favqulodda yig‘ilish o‘tkazgan. Seul Pxenyanni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalarini buzuvchi provokatsiyalarni to‘xtatishga chaqirgan.

Janubiy Koreya harbiylari AQSH bilan qo‘shma mudofaa tizimi doirasida har qanday provokatsiyaga “haddan tashqari kuch bilan” javob berishga tayyorligini bildirgan.

Yaponiya ham raketa uchirilishini keskin qoralagan. Yaponiya Mudofaa vaziri Sindziro Koidzumi Tokio Pekindagi elchixonasi orqali Shimoliy Koreyaga diplomatik kanallar orqali kuchli norozilik bildirganini aytgan.

Janubiy Koreya Qo‘shma shtab boshliqlari qo‘mitasiga ko‘ra, raketa Shimoliy Koreyaning sharqiy sohilidagi Vonsan hududidan mahalliy vaqt bilan taxminan soat 06:00 da uchirilgan.

Raketa sinovi Seul va Vashington 17–27 avgust kunlari yirik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan. Mashg‘ulotlar Shimoliy Koreyaning yadroviy va qurol-yarog‘ imkoniyatlariga qarshi harakat qilishga qaratilgan.

Pxenyan AQSH va Janubiy Koreyaning qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini avvaldan keskin qoralab keladi. Shimoliy Koreya hozircha raketa uchirilishi yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Shuningdek, Shimoliy Koreya joriy yilda qisqa masofali ballistik raketalar, artilleriya raketalari va boshqa taktik qurollarni bir necha bor sinovdan o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, avvaloq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Rossiyaning 11 avgust kuni Zaporoje shahriga qilgan hujumida Shimoliy Koreya ballistik raketasidan foydalanilganini aytgandi. Uning ma’lum qilishicha, hujumda 7 nafar ishchi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing