Rossiya erta tongda Ukrainaga raketalar yog‘dirdi. Qurbonlar bor
Olam
−
12:18 2459 2 daqiqa
Rossiya qo‘shinlarining bugun, 11 avgust kuni erta tongda Ukrainaning janubi-sharqidagi Zaporoje shahriga dron va raketalar bilan uyushtirgan qo‘shma hujumi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 20 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Ukrinform “ xabar berdi.
Zaporoje viloyati gubernatori Ivan Fyodorov Rossiya qo‘shinlari shaharga raketalar va aviatsiya bombalari yordamida hujum qilganini bildirgan. U, shuningdek, binolar va transport vositalari yonayotgani aks etgan suratlarni e’lon qilgan.
Hujum oqibatida binolar va noturarjoy inshootlari zarar ko‘rgan, elektr ta’minotida uzilishlar yuzaga kelgan hamda yong‘inlar chiqqan. Rossiya kuchlari sanoat ob’ektlari va infratuzilmani ham nishonga olgan. Garajlar kooperativi va boshqa noturarjoy binolari zarar ko‘rgan.
Dastlab hujum oqibatida 9 kishi jarohatlangani xabar qilingan. Keyinchalik Fyodorov qurbonlar soni 5 nafarga, jarohatlanganlar esa 20 nafarga yetganini ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Zaporoje va Kiyev shaharlarida havo hujumi xavfi haqida ogohlantirish signallari yangragan. Kiyev harbiy ma’muriyati poytaxtning markaziy tumanidagi omborxonalar yonayotganini ma’lum qilgan. Hujum oqibatida 1 kishi jarohatlangan.
Kiyev meri Vitaliy Klichko markaziy tumanga tibbiyot xodimlari yuborilganini aytgan.
Nashr xabariga ko‘ra, Rossiya kuchlari Kiyev va boshqa bir qator hududlarga ham raketa zarbalari bergan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya qo‘shinlari joriy yilning 9 avgust kuni ertalab Ukraina hududlariga, jumladan, Xarkov va Odessa viloyatlariga raketa hamda dronlar bilan zarba bergandi. Hujumlar oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, 29 kishi jarohatlangan.
Live
Barchasi