Sud o‘rniga front. Prigojin qabrini tahqirlagan Shvedov Ukrainaga ketadi

Olam

image

Rossiyadagi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinning qabrini tahqirlashda ayblangan Vyacheslav Shvedov Sankt-Peterburgdagi “tergov hibsxonasida topildi”. Bu haqda bugun, 23 dekabr kuni Sankt-Peterburg sudlari matbuot xizmati rahbari Daria Lebedeva ma’lum qildi. 

“Shvedov bizdan qochib ketayotgan edi... ma’lum bo‘lishicha, u Leningrad viloyati bo‘ylab yugurib yurgan va bank hisobidan 6047 rubl o‘g‘irlagan holda qo‘lga olingan. Sud qarori bilan sudlanuvchi tergov hibsxonasiga joylashtirildi”, deb yozdi Daria Lebedeva.

Lebedeva keyingi voqealarni tushuntirarkan, ayni paytda Vyacheslav Shvedovga qarshi ish uning Ukrainada urushga borish “istagiga” bog‘liqligi sababli to‘xtatilganini bildirdi.

“Sudya Shvedovga qarshi jinoyat ishini Rossiya Jinoyat-protsessual kodeksining 238-moddasi 1-qismining 5-bandiga asoslanib to‘xtatdi, chunki u Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma tuzgan holda Vatanni himoya qilish istagini bildirgan iltimosnomasini taqdim etgan edi”, deydi sud voizi.

Vyacheslav Shvedov “marhumlarning jasadlari va ularning dafn etilgan joylarini tahqirlash” ishi bo‘yicha sudlanuvchi bo‘lib, jarima, jamoat ishlari yoki uch oygacha qamoq jazosi bilan jazolanishi kerak. Sud ishni 2025 yil mart oyida ro‘yxatga olgan, ammo Shvedov sud majlislariga kelmagan va qidiruvga berilgan.

2024 yil may oyi oxirida Sankt-Peterburgdagi Poroxovskoye qabristonida “Vagner” asoschisining qabri ustiga Yevgeniy Prigojinning haykali o‘rnatildi. O‘sha yilning 21 iyul kuni kechqurun qabriston qo‘riqchisi politsiyaga Prigojinning qabriga uchta plakat yopishtirgan, ulardan birida “Xo‘roz” deb yozilgan odamni hibsga olganini xabar qildi. “Meduza” xabar berishicha, Sankt-Peterburg sudining ma’lumotlariga ko‘ra, plakatlar Vyacheslav Shvedov tomonidan joylashtirilgan. 

Yevgeniy Prigojinga tegishli Embraer Legacy biznes samolyoti 2023 yil 23 avgust kuni Moskvadan Sankt-Peterburgga yo‘l olgan holda, Tver viloyatida halokatga uchragan. Bortda uch nafar ekipaj a’zosi va yetti yo‘lovchi, jumladan, Prigojinning o‘zi va “Vagner” asoschilaridan biri Dmitriy Utkin bo‘lgan.

OAV xabarlariga ko‘ra, samolyot halokatiga bomba portlashi va yer-havo raketa zarbasi sabab bo‘lgan. Ko‘pgina siyosiy tahlilchilar 2023 yil iyun oyi oxirida harbiy qo‘zg‘olon uyushtirgan Prigojinning o‘limi ortida Rossiya razvedka xizmatlari va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shaxsan turgan deb hisoblashadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Vagner Evgeniy Prigojin Daria Lebedeva Vyacheslav Shvedov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing