Lavrov Putin nega Zelenskiy bilan uchrashmayotganini aytdi
Olam
−
28 mart 2022
23903Rossiya va Ukraina yetakchilari Vladimir Putin va Vladimir Zelenskiyning fikr almashish uchun uchrashuvi hozirgi bosqichda samarasiz bo‘ladi. Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov shunday taxminni ilgari surdi.
“(Prezident Putin) Prezident Zelenskiy bilan uchrashuvni hech qachon rad etmaganini aytdi. U faqatgina bu uchrashuvlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish eng muhim masala deb hisoblaydi. Ko‘p sonli muammolar to‘planib qolgan, shuning uchun “siz nima deb o‘ylaysiz, men nima deb o‘ylayman” bilan uchrashish va almashish endi samarasiz bo‘ladi”, degan Lavrov Serbiya ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida.
Lavrov Ukrainadagi urush boshlangach, rasmiy Kiyev Moskva bilan zudlik bilan muzokara boshlagani bejiz emasligini, bu uchrashuvlar davom etayotganini qo‘shimcha qilgan. Vazir videoaloqa shaklidagi qator muloqotlardan keyin Istanbulda yuzma-yuz muzokara o‘tkazishga kelishilganini ta’kidlagan.
“Va biz bu muzokaralar natija bilan yakunlanishidan manfaatdormiz. bizning asosiy maqsadlarimizga erishtiradigan natijadan”, degan Lavrov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, denatsifikatsiya va demilitarizatsiya Rossiya uchun Ukraina bilan bo‘lajak kelishuvlarda majburiy element hisoblanadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi