Kreml Navalniyning aybloviga javob qaytardi
Olam
−
01 Oktabr 2020
9384Kreml muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga nisbatan ayblovlari muhokamasida ishtirok etmaydi. RF Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov muxolifatchining aytganlariga munosabat bildirib, bunday ayblovlar asossiz va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan ekanini ta’kidladi.
“Kelgusida biron bir munozarada ishtirok etishning imkoni bor deb hisoblamaymiz, shuningdek, bu borada biror izoh yoki bayonot bermaymiz”, degan Peskov jurnalistlarga.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Navalniyning RF Prezidentiga qo‘ygan ayblovi asossiz, haqoratomuz va chidab bo‘lmaydigan.
Avvalroq, Navalniy “Der Spiegel” nashriga bergan intervyusida uning zaharlanishi ortida Vladimir Putin turganini aytgandi.
Ma’lumot uchun, muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.
Ular Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.
Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.
14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafas oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.
Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida.
Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.
Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.
Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.
LiveBarchasi