Kreml Erdo‘g‘anning taklifini qanoatlantirmadi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Ukraina yetakchisi Zelenskiyning uchrashuvi ikki davlat muzokarachilari delegatsiyalari barcha  topshiriqlarni bajarganidan keyin amalga oshishi mumkin. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 8 avgust kun jurnalistlarga ma’lum qildi.

Peskovga ko‘ra, yuqori darajadagi muzokaralar uchun hozir hech qanday shart-sharoit yo‘q.

“Prezidentlar Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvga kelsak, bu muzokarachi delegatsiyalar tomonidan barcha vazifalar bajarilganidan keyingina mumkin. Shuning uchun janob Erdo‘g‘an aytgan [uchrashuv] uchun zarur shartlar hozircha bajarilmagan”, deydi u Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi muzokaralarni tashkil etish bo‘yicha takliflarini izohlar ekan.

Kreml matbuot kotibining ta’kidlashicha, Turkiya rahbari “bir necha bor o‘z xizmatlarini taklif qilgan va Ukrainada tinchlik jarayonini boshlash uchun harakat qilgan”. 

"Biz bilamizki, Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida muzokaralarning bir necha raundini o‘tkazish uchun yaxshi sharoitlarni tashkil etishda uning (Rajab Toyib Erdo‘g‘an – tahr.) roli juda katta bo‘lgan. Va hozirgi vaziyatga yordam berish uchun [Turkiya] Prezidenti shunday siyosiy irodasini izhor etishda davom etmoqda”, deydi Peskov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Moskva Kiyev vakillari bilan hech qanday muzokaralar o‘tkazgani yo‘q. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 avgust kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sochiga tashrifi davomida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishni taklif qilgan edi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

33

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing