Kramatorsk vokzaliga uyushtirilgan raketa hujumi qurbonlari 50 nafarga yetdi

Olam

image

Rossiya qo‘shinlarining Kramatorskdagi temir yo‘l vokzaliga raketa hujumi oqibatida halok bo‘lganlar soni 50 kishiga yetdi. Bu haqda Ukrainaning Donetsk viloyati ma’muriyati rahbari Pavel Kirilenko ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida besh nafar bola ham bor.

Kirilenkoning qo‘shimcha qilishicha, jarohatlangan 98 kishi Kramatorsk shifoxonalariga yotqizilgan, ulardan 16 nafari bola, 46 nafari ayol va 36 nafari erkak.

Kramatorsk meri Aleksandr Goncharenko shahar vokzaliga raketa hujumidan keyingi vaziyat haqida gapirdi.

“Ko‘pchilik shu qadar og‘ir ahvolda ediki, ularning qo‘llari va oyoqlari yo‘q edi. Ularni bir vaqtning o‘zida 30-40 nafar jarroh operatsiya qildi”, degan u.

Raketa parchalari zarba markazidan 40 metr uzoqlikda topilgan, degan rasmiy. Uning aniqlik kiritishicha, o‘qqa tutilgan vaqtda stansiyada 4000 ga yaqin odam bo‘lgan.

Hujumdan ko‘ o‘tmay Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya harbiylari Kramatorskdagi temir yo‘l vokzaliga “Tochka-U” raketasi bilan zarba berganini aytdi.

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Kiyevning Rossiyaning Kramatorskdagi temir yo‘l vokzaliga hujumi haqidagi bayonotlarini rad etdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

32

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing