Kiyevni jang maydonida jiddiy o‘zgarishlar kutayotgani aytildi
Olam
−
15 iyul 2022
17160Joriy yil oxirigacha jang maydonida Ukraina foydasiga jiddiy o‘zgarishlar yuz beradi. Bu haqda Ukraina Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov “Financial Times” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“Joriy yil oxirigacha jang maydonida Ukraina foydasiga katta o‘zgarishlar bo‘ladi. Umid qilamanki, bu yil biz qarshi hujum kampaniyasini ko‘ramiz va u muvaffaqiyatli bo‘ladi”, deydi vazir.
Uning qayd etishicha, Kiyevga qo‘shimcha raketa va artilleriya berish Ukrainaning Rossiya kuchlarini qarshi hujumda qaytarishga urinishi uchun muhim rol o‘ynaydi.
“Menimcha, bu bosqichma-bosqich harakat. Biz ularga (ruslarga – tahr.) undan (G‘arb qurollari – tahr.) aniqlik va noziklik bilan foydalanishimiz mumkinligini ko‘rsatamiz va frontning kengroq diapazonini qamrab olamiz”, deydi Reznikov.
Shuningdek, u Ukrainaga allaqachon topshirilgan G‘arb qurollari sobiq sovet davridagi Ukraina artilleriyasidan uzoqroq va aniqroq ekanligini hamda mamlakat sharqida ukrainalik harbiylar orasida qurbon bo‘lganlar sonini kamaytirishga yordam berishini ta’kidladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi