Kiyevdagi vokzal hududi raketa hujumiga uchradi
Jamiyat
−
03 mart 2022
8595Kecha, 2 mart kuni Kiyevda rus Qurolli kuchlarining snaryadlari temir yo‘l vokzalining yer osti o‘tish joyi hududiga kelib tushdi. Bu haqda Ukraina mahalliy nashrlari bong urmoqda.
Bu haqda Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashenko Telegram’dagi kanalida hodisa haqida shunday xabar qoldirgan:
"U hozirgina vokzalning yer osti yo‘lagi hududiga urildi. “Ibis” mehmonxonasi va "Yujniy" bekati o‘rtasida".
"Rossiyalik terrorchilar Kiyevdagi Janubiy temir yo‘l vokzaliga havo hujumi uyushtirdi, u yerdan minglab ukrainalik ayollar va bolalar evakuatsiya qilinmoqda. “Ibis” mehmonxonasi yaqiniga snaryad kelib tushishi oqibatida vokzal binosi omon qolgan va kichik zarar ko‘rgan", deyiladi Ukraina temir yo‘llari xabarida.
Qayd etilishicha, snaryad kelib tushishiga qaramay, poyezdlar harakati davom ettirilmoqda.
Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Anton Gerashenkoning so‘zlariga ko‘ra, snaryad katta issiqlik tizimiga ham zarar yetkazgan, buning natijasida Kiyevning bir qismi issiqliksiz qolishi mumkin.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va jarohatlanganlar yo‘q, ammo hujum atayin tinch aholi ko‘p to‘plangan stansiyaga amalga oshirilgani aytilmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH va Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi