Kiyev yana aviazarba ostida: ikkita ko‘p qavatli uy vayron bo‘ldi
Olam
−
17 mart 2022
7985Bugun, 17 mart kuni erta tongda Ukraina poytaxti Kiyevning Darnitskiy tumaniga havo hujumi uyushtirildi. Oqibatda tumandagi ikki ko‘p qavatli uy zarar ko‘rdi, bir kishi halok bo‘ldi, to‘rt kishi esa yaralandi. Bu haqda Kiyev shahar davlat ma’muriyati matbuot kotibi Nikolay Povoroznik ma’lum qilgan.
“17 martga o‘tar kechasi Kiyev notinch edi. Raketa hujumi natijasida Darnitskiy tumanidagi ikkita ko‘p qavatli turar-joy binosi zarar ko‘rdi”, deydi matbuot kotibi.
Paravoznikning so‘zlariga ko‘ra, bir kishi halok bo‘lgan, to‘rt kishi jarohatlangan, ulardan ikki nafari shifoxonaga yotqizilgan. Qutqaruvchilar va shifokorlar voqea joyida ishlashni davom ettirmoqda.
Shuningdek, UNIAN mahalliy nashriga ko‘ra, bugun, 17 mart kuni soat 05:02 da Kiyev osmoni uzra uchirilgan raketa urib tushirilgan. Raketa parchalari esa Darnitskiy tumanidagi ko‘p qavatli uyga kelib tushgan. Oqibatda yong‘in sodir bo‘lgan va turar-joy binosi vayron bo‘lgan.
Davlat Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, portlash oqibatida 16-qavatdagi uyning konstruksiyalari vayron bo‘lgan, shu qavatdagi xonadonda yong‘in kelib chiqqan.
O‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirgan. Qutqaruvchilar uyning 11 va undan yuqori qavatlaridan 30 kishini evakuatsiya qilishgan, ulardan bir kishi halok bo‘lgan, yana uch kishi jarohatlangan.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi