Kiyev yaqinidagi tug‘uruqxona hujumga uchradi

Olam

image

Rossiya harbiylari mudofaasini yorib o‘tishga urinayotgan Ukraina poytaxti Kiyev yaqinidagi xususiy “Adonis” tug‘uruq kompleksi hujumga uchradi. Tug‘uruqxonaga snaryad kelib urilgan. Bu haqda tug‘uruq komplekslari tarmog‘i bosh direktori Vitaliy Girin ma’lum qildi, deb xabar bermoqda UNIAN.

“Zarar katta, ammo bino turibdi. Hamma evakuatsiya qilingan. Asosiysi, kimnidir olib ketish uchun hozir borish shart emas. Hamma ishonchli shaharda va xavfsizlikda. Bu aniq. Men va oilam bilan hammasi joyida!”, deb yozadi Vitaliy Girin va Ukrainaning g‘alabasi muqarrar ekanligini qo‘shimcha qilgan.

Avvalroq Kiyevda ko‘p qavatli uyga raketadan o‘qqa tutilgandi. Hodisa oqibatida tinch aholi vakillari jarohatlangan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

53

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing