Kiyev urush tufayli ishidan ayrilganlarga 220 dollardan pul beradi 

Olam

image

Ukraina hukumati mamlakatdagi urush tufayli ishini yo‘qotgan fuqarolarga 6,5 ming grivnadan (taxminan 220 dollar) to‘laydi. Bu haqda Ukraina Bosh vaziri Denis Shmixal ma’lum qildi.  

“Ukraina Prezidentining topshirig‘iga ko‘ra, kelgusi haftada qo‘llab-quvvatlash dasturi ishlay boshlaydi. Ushbu dastur doirasida urushda ish joyi olib qo‘yilgan har bir xodim, xususiy tadbirkor 6,5 ming grivna olishi mumkin”, degan u. 

Hukumat rahbari ushbu mablag‘larni “Dіya” (“Harakat”) ilovasi orqali olish mumkinligini ta’kidlagan. 

Bosh vazir, shuningdek, Kiyev allaqachon harbiy obligatsiyalarning birinchi chiqarilishini amalga oshirganini va tez orada ikkinchisini chiqarishni rejalashtirayotganini aytgan. 

“Ukrainaga qarz berishga tayyor bo‘lgan har bir kishi, bizning harbiylarimiz, shifokorlarimiz, muhim infratuzilma xodimlari, bizning harbiy obligatsiyalarimizni sotib olish orqali buni amalga oshirishi mumkin”, deb tushuntirgan u. 

Bugun, 6 mart kuni ertalab Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukrainani qayta tiklash uchun to‘rtta jamg‘arma tashkil etilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap vayron bo‘lgan mulk va infratuzilmani tiklash, iqtisodiyotni tiklash va o‘zgartirish, davlat qarziga xizmat ko‘rsatish va to‘lash, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘lar haqida bormoqda. 

Zelenskiy shuningdek, rasmiylar ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator boshqa dasturlar ishlab chiqayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing