Xoinlar Rossiya jamiyatidan yo‘qolib ketadi – Kreml

Olam

image

Xoin deb atalishi mumkin bo‘lganlarning o‘zlari hozirgi voqealar (Ukrainadagi urush – tahr.) fonida Rossiya jamiyatidan yo‘qolib ketadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Matbuot kotibi Dmitriy Peskov aytib o‘tgan

Peskov Prezident Vladimir Putinning kecha, 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan Rossiya Federatsiyasi hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga bag‘ishlangan yig‘ilishida Rossiya jamiyatining tabiiy o‘zini-o‘zi poklanishi haqidagi so‘zlariga izoh berar ekan, “juda ko‘p odamlar o‘zini, ruscha aytganda, sotqin sifatida ko‘rsatishini” ta’kidlagan. 

Uning ta’kidlashicha, bunday qiyin va mas’uliyatli vaziyatlarda ko‘pchilik o‘zini kimligini ko‘rsatmoqda. 

“Ularning o‘zlari hayotimizdan yo‘qolib ketishadi. Kimdir o‘z lavozimini tark etadi, kimdir faol xizmat muddatini tashlab ketadi, kimdir mamlakatni tark etib, boshqa davlatlarga ko‘chib o‘tadi. Mana shunday tozalash sodir bo‘ladi. Kimdir qonunni buzadi va buning uchun sud qarorlari bilan tegishli jazoni oladi”, deya xulosa qildi Peskov.

Aytish joizki, Rossiya Ukrainaga urush boshlaganidan beri rossiyaliklar Markaziy Osiyoga, xususan, O‘zbekistonga ko‘chib keta boshladi. Shuningdek, Rossiyada fuqarolar urushga qarshi chiqib, mitinglar uyushtirdi, hukumat esa ularni qo‘pol ravishda bostirdi. 

Noroziliklar faqat ko‘chalarda bo‘lmadi. Rossiyaning “Birinchi kanal”i xodimi Marina Ovsyannikova “Vremya” ko‘rsatuvi jonli efirida urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib bordi. Yangiliklar e’loni paytida u “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi”, deb yozilgan plakat bilan kadrga tushdi. Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan. Shundan so‘ng, Marina Ovsyannikova studiyasiga bostirib kirgani uchun sud qilinib, 30 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

53

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing