Sud tugadi. Urushga qarshi chiqqan jurnalistga hukm o‘qildi
Olam
−
15 mart 2022
64401Moskvaning Ostankino sudi Marina Ovsyannikovani jonli efir vaqtida “Birinchi kanal”dagi “Vremya” ko‘rsatuvi studiyasiga bostirib kirgani uchun 30 ming rubl miqdorida jarima soldi. Bu haqda jurnalistlarga sud matbuot kotibi Kristina Yavkina xabar berdi.
“Sud Ovsyannikovani Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 20.2-moddasi 2-qismi (xabar bermasdan ommaviy tadbirni tashkil etish yoki o‘tkazish) bo‘yicha aybdor deb topdi va 30 ming rubl miqdorida jarima soldi”, deydi u.
Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish materiallariga ko‘ra, sud uni televideniyedagi harakati uchun emas, avvalroq ruxsat etilmagan namoyishlarda ishtirok etish uchun videoqo‘ng‘iroq qilgani uchun jazolagan.
Avvalroq “Birinchi kanal”dagi voqeadan keyin Ovsyannikovaga nisbatan tergovga qadar tekshiruv boshlangani xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 mart kuni kechqurun Rossiyaning “Birinchi kanal”i xodimi Marina Ovsyannikova “Vremya” ko‘rsatuvi jonli efirida urushga qarshi plakat bilan studiyaga kirib bordi. Yangiliklar e’loni paytida u “No war. Urushni to‘xtating. Propagandaga ishonmang. Bu yerda sizni aldashmoqda. Ruslar urushga qarshi”, deb yozilgan plakat bilan kadrga tushdi. Ovsyannikova rejissyorlar boshqa kadrni qo‘yib yubormaguncha efirda bir necha bor “Urushni to‘xtating! Urush kerakmas!”, deb takrorlagan.
LiveBarchasi