Xitoy Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qisman qo‘shildi – OAV

Olam

image

Xitoyning kamida beshta kompaniyasi Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli “Arktik SPG-2” loyihasi uchun modullar ishlab chiqarishni may oyi oxirigacha qisqartirishi mumkin. Bu haqda “South China Morning Post” gazetasi kompaniyalardagi manbalarga tayanib, xabar berdi.

Rossiyaning “Novatek” kompaniyasining Gidan yarimorolidagi suyultirilgan gaz ishlab chiqarish zavodi 2023 yilda Xitoy kompaniyalari uskunalariga tayanib, ishga tushishi kerak edi. Bu Rossiyadagi eng yirik zavod bo‘lishi kutilayotgandi.

“Ammo Yevropa Ittifoqining Rossiyaga gaz loyihalari texnologiyalarini yetkazib berishni taqiqlagan sanksiyalari tufayli Xitoy kompaniyalariga “Arktik SPG-2” bilan ishlashni 27 maygacha to‘xtatishga buyruq berildi”, deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, xitoylik ishlab chiqaruvchilardan biri “South China Morning Post” nashriga vaziyat har kuni o‘zgarib borayotgani sababli manfaatdor tomonlar bilan yaqin aloqada ekanini aytgan.

“Bomesc Offshore Engineering”dan tashqari yana to‘rtta Xitoy kompaniyasi, jumladan, “Cosco Shipping Heavy Industry”, “Penglai Jutal Offshore Engineering”, “Wison Offshore Engineering” va “Qingdao McDermott Wuchuan” ham modullarni yaratish bilan shug‘ullanadi. Biroq Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalari tufayli “Arktik SPG-2” loyihasi uchun modullar ishlab chiqarishni may oyi oxirigacha qisqartirishi mumkin

“Arktik SPG-2” loyihasi uchun 10 ta modul qurayotgan Tyanszinda joylashgan “Bomesc Offshore Engineering” kompaniyasi manbasi “bu masala bo‘yicha hozircha yakuniy qaror yo‘q”, degan.

“Arktik SPG-2” — “Novatek” kompaniyasining suyultirilgan gaz ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi yirik loyihasidir. Yamalning Tazovskiy tumanidagi Gidan yarimorolining shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘ida joylashgan. Qurilish ishlari “Arktik SPG-2” MCHJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyihaning qiymati 21 milliard dollarga baholangan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

22

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing