Xitoy Rossiya va Ukraina donini eksportga chiqarish harakatiga tushdi

Olam

image

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I dunyodagi oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyatni og‘ir deb atadi hamda Rossiya va Ukraina g‘allasini eksport qilish uchun “yashil yo‘lak” yaratishga chaqirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
 
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok bilan videokonferensiya orqali suhbat chog‘ida Van Xitoy Ukrainada tezda o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori ekanligi va barcha tomonlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ta’kidlagan.
 
“Hozirgi vaziyatda xalqaro hamjamiyat tezroq o‘t ochishni to‘xtatib, Rossiya va Ukrainaga don eksporti uchun "yashil yo‘lak" taqdim etishni talab qilishi kerak. Xitoy barcha tomonlar bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor”, deya Van Ining so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.
 
Shuningdek, u Pekin xalqaro hamjamiyatga tegishli asosiy muammolarni hal qilishda “hech qachon chetda turmasligi” hamda Xitoy doimiy ravishda muhtoj davlatlarga oziq-ovqat yordamini ko‘rsatayotganini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, Italiya Tashqi ishlar vaziri Luiji Di Mayo “La Stampa” gazetasiga bergan intervyusida agar Ukraina g‘allasini yetkazib berishdagi muammolar saqlanib qolsa, dunyo “oziq-ovqat urushi”ga duch kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish bergandi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Kamronbey Kenjayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Ukraina doni

Baholaganlar

16

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing