Ukraina doni AQSHning nazorati ostida – Vengriya Bosh vaziri
Olam
−
15 Sentabr 2023
7886Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Ukrainadan don yetkazib berish AQSH tomonidan nazorat qilinishi va Yevropa Ittifoqi yetakchilari bu masalada Yevropa manfaatlariga emas, balki AQSHga xizmat qilishini aytdi. Bu haqda u bugun, 15 sentyabr kuni “Kossuth” radiostansiyasidagi chiqishida so‘zladi.
Uning aytishicha, agar Yevrokomissiya 15 sentyabr kuni tugaydigan Markaziy Yevropaning beshta davlatiga don yetkazib berish taqiqini uzaytirmasa, Vengriya bir tomonlama bo‘lsa ham Ukrainadan don olib kirish cheklovini o‘z kuchida qoldiradi.
“Hozircha Bryussel byurokratlari buni uzaytirishni istamayapti. Agar ular bugun yarim tungacha bir qarorga kelmasa, biz import taqiqini uzaytirish uchun bir qancha davlatlar – Ruminiya, Polsha, Slovakiya bilan kuchlarni birlashtiramiz”, deydi hukumat rahbari.
Orbanning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqi rahbariyati a’zo davlatlar tomonida emas. Ular don masalasida AQSHning buyrug‘ini bajaradi.
"Bu Ukraina bo‘yicha muhokamada yangi jihatni, ya’ni bu urushda kim g‘alaba qozonib, kim yutqazishiga oydinlik kiritadi. Vaqt o‘tgan sayin bu “o‘yin”da Amerikaning g‘alaba qozonib, Yevropaning yutqazayotgani ayon bo‘lyapti. Bizni Ukraina doni bilan aldashdi, och-nahor afrikalik bolalarga esa ushog‘i ham yetib borayotgani yo‘q”, degan Bosh vazir.
Ma’lumot uchun, joriy yilning aprel oyida Bolgariya, Vengriya, Polsha, Ruminiya va Slovakiya Ukrainadan g‘alla va boshqa turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini olib kirishni taqiqlagan edi. Keyinchalik ular Ukrainadan bug‘doy, makkajo‘xori va kungaboqar urug‘larini yetkazib berishga embargo qo‘yish choralarini Yevropa Komissiyasining qarori bilan avval 5 iyunga, keyin esa 15 sentyabrga qadar bekor qilgan. Iyul oyida Markaziy Yevropaning beshta davlati birgalikda Yevrokomissiyadan don importini taqiqlashni yil oxirigacha uzaytirishni so‘ragan. Ular Ukraina doni Osiyo va Afrikadagi an’anaviy bozorlarga borishi kerakligini ma’lum qilgan. Avgust oyida Vengriya ushbu shart bajarilmasa, nafaqat don embargosini saqlab qolishi, balki Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yana 20 turi importini taqiqlashi to‘g‘risida ogohlantirish bilan chiqqan.