Ukraina doni kemalarda nochor Afrikaga emas, G‘arbga tashilyapti – Rasmiy Moskva

Olam

image
0:00
0:00
download

Oziq-ovqat kelishuvi doirasida Ukraina portlaridan don bilan chiqib ketayotgan kemalarning manzillari G‘arbning ochlikka qarshi kurash niyatlarining samimiyligiga shubha uyg‘otadi. Bu haqda Rossiya TIV axborot va matbuot departamenti direktori o‘rinbosari Ivan Nechayev brifingda aytib o‘tgan. 

“Afsuski, hozirgacha Afrikaning ochlikdan azob chekayotgan mamlakatlariga donli birorta ham kema yetib bormagan. Ular asosan G‘arb portlariga boryapti, eksport qilinadigan tovarlar assortimenti asosan bug‘doy emas, makkajo‘xori donasi, kungaboqar yog‘i. Shu sabab bu harakatlar G‘arbning samimiyatiga shubha uyg‘otadi”, deydi vazirlik vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Istanbulda imzolangan kelishuvlardagi Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini jahon bozoriga olib chiqishga oid qismi amalga oshirilmayapti.

Nechayevning ta’kidlashicha, Moskva “barcha paketli kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishini hamda G‘arb davlatlari Rossiya o‘g‘itlari va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozoriga chiqishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishini” kutmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Turkiya Milliy Mudofaa vaziri Hulusi Akar, Rossiya Milliy Mudofaa vaziri Sergey Shoygu va Ukraina Infratuzilma vaziri Aleksandr Kubrakov ishtirokida “Don yo‘lagi” hujjati imzolandi. Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuv Odessa, shuningdek, Chernomorsk va Yujniydan xavfsiz yo‘laklarni yaratishni nazarda tutadi. Ushbu kelishuv jahon bozorlariga kamida 25 million tonna don yetkazib berish imkonini beradi.

Ukraina Qurolli Kuchlarining “Janub” operativ qo‘mondonligi Istanbulda shartnoma tuzilganiga 24 soat to‘lmasdan, 23 iyul kuni ertalab Rossiya harbiylari Odessa dengiz savdo portiga “Kalibr” raketalari bilan hujum uyushtirgani haqida xabar berdi.

Ukraina TIV  hujumga munosabat bildirib, Rossiya raketasi Vladimir Putinning BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yuziga tupurish, deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina doni

Baholaganlar

118

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing